Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShning “Air Products” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Eduardo Menesesni qabul qildi.
Uchrashuvda mamlakatda yuqori texnologiyali sanoat korxonalarini barpo etishga faol investitsiya kiritayotgan kompaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, “Air Products” sanoat gazlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish sohasidagi jahon yetakchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasi 60 milliard dollardan oshadi. U har yili 50 dan ortiq mamlakatda 200 million tonna sanoat gazi ishlab chiqaradi hamda qariyb 750 ta ishlab chiqarish obyektini boshqaradi.
Hozirgi kunda kompaniyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari umumiy hajmi 1 milliard dollardan oshgan. Xususan, “GTL Uzbekistan” zavodida sanoat gazlarini qayta ishlash, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida vodorod ishlab chiqarish, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida esa suyuq uglerod dioksidi ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilgan. Shuningdek, Toshkent va Qarshi shaharlarida ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.
Muzokaralar yakunida kompaniya ishtirokidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish hamda bu boradagi hamkorlikni “yo‘l xaritasi” asosida muvofiqlashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.






