Surxondaryo viloyatida o'tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Afg'onistondan O'zbekistonga kontrabanda yo'li bilan olib kirilgan 37 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari aniqlanib, ularning tarqatilishiga chek qo'yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o'tkazilgan tadbirda Afg'onistondan mamlakat hududiga 25 kilogramm 444 gramm opiy va 11 kilogramm 86 gramm gashish moddasi olib kirilgani fosh etilgan.
Shundan so'ng giyohvand moddalarni qabul qilib oluvchi shaxslarni aniqlash maqsadida nazorat tadbiri o'tkazilgan. Natijada mazkur yuk Samarqand shahriga yetkazilganidan keyin uni qabul qilib olish vaqtida ikki nafar mahalliy va ikki nafar xorijiy fuqaro qo'lga olingan.
Yana bir tezkor tadbirda esa Termiz xalqaro savdo markazida ikki nafar Afg'oniston fuqarosi 1 kilogramm 76 gramm opiy moddasini 5 ming AQSh dollariga sotish vaqtida ushlangan.
Tergov davomida ular giyohvandlik vositalarini mamlakat hududiga yashirincha olib kirish uchun o'z tanasidan, xususan ichki a'zolaridan foydalangani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi va 273-moddasi tegishli qismlari bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo'llanilgan va hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.






