Taqdimotda qayd etilishicha, kelgusi uch yil davomida xalqaro standartlar asosida faoliyat yurituvchi o‘quv va baholash markazlari sonini 50 tadan 200 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, xususiy kasbiy ta’lim orqali har yili 500 ming nafar aholini qamrab olish maqsad qilingan. Hozirda bu ko‘rsatkich 45 ming nafarni tashkil etadi.
Mazkur maqsadlarga erishish uchun 300 dan ortiq o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqilib, xalqaro talablarga moslashtiriladi. Kamida 1 ming nafar o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustasining malakasi oshiriladi. Ushbu jarayonlarni moliyalashtirish uchun Bandlik jamg‘armasidan 500 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.
Taqdimotda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan takliflar ham muhokama qilindi. Xususan, xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlari uchun bojxona va soliq imtiyozlari, imtiyozli kreditlar hamda infratuzilma bilan bog‘liq qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rib chiqildi.
Takliflarga ko‘ra, xususiy kasbiy ta’lim markazlari uchun olib kelinadigan zarur asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod etiladi. Shuningdek, xorijiy o‘qituvchilar va mutaxassislar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, soha tadbirkorlariga ikki yillik imtiyozli davr bilan etti yilgacha kreditlar ajratiladi. Bino qurilishi va ta’miri hamda jihozlar xaridi uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining 7 foizi davlat tomonidan qoplanadi.
Xorijiy mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, kasbiy malakani baholash uskunalari va dasturiy mahsulotlar xarajatlarining 30 foizi hamda milliy va xalqaro sertifikatlar olish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Shu bilan birga, xususiy kasbiy ta’limni rivojlantirish uchun yil oxirigacha 100 million dollar mablag‘ jalb qilish, bitiruvchilar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 5 million dollarlik Venchur jamg‘armasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Prezident taqdim etilgan chora-tadbirlarni ma’qullab, aholini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.






