Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining Davlatobod tumanida joylashgan Yangi Namangan shahri hududida quriladigan IT-parkning tamal toshini qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Davlat rahbari tadbirda so‘zga chiqib, Yangi O‘zbekistonda raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal rivojlantirish, yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirish hamda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish davlat siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, joriy yil boshidan buyon Namangan viloyatiga 2 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilingan. Shuningdek, Xitoy, Turkiya, Hindiston va Rossiya hamkorligida amalga oshirilgan qiymati 1 milliard 800 million dollar bo‘lgan 20 ta yangi loyiha ishga tushirilmoqda.
Mazkur korxonalar farmatsevtika, yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat va kimyo sanoati sohalarida 6,5 mingta yangi ish o‘rni yaratishi kutilmoqda. Shu bilan birga, viloyat iqtisodiyotiga 3,6 trillion so‘mlik qo‘shimcha aylanma mablag‘, 200 million dollarlik eksport va 400 milliard so‘mlik byudjet tushumi ta’minlanadi.
Prezident, shuningdek, Namanganda sanoat, turizm, savdo va uy-joy qurilishi sohalarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qiymati 4 milliard dollar bo‘lgan yana 28 ta loyihaga start berilganini ma’lum qildi.
Mirziyoyev Namangan viloyati aholisining 1 million 600 mingdan ortig‘ini yoshlar tashkil etishini ta’kidlab, ularni axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohalariga jalb qilish muhim vazifa ekanini qayd etdi.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, ekspertlar O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda. Endi ushbu imkoniyatlarni aniq loyihalar, yangi ish o‘rinlari va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarga aylantirish zarur.
Ma’lum qilinishicha, Xitoylik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 117 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida Yangi Namangan, Samarqand, Chirchiq, Nurafshon, Urganch va Navoiy shaharlarida IT-parklar barpo etiladi. Yangi Namangandagi majmua mazkur dasturning birinchi loyihasi hisoblanadi.
Loyihaga muvofiq, 1,7 gektar maydonda 17 qavatli zamonaviy bino quriladi. Qariyb 18 ming kvadrat metr maydonni egallaydigan majmuada ta’lim va eksport markazlari, kovorking va ofis maydonlari, startap akseleratori hamda xorijiy kompaniyalar uchun maxsus xizmat ko‘rsatish tizimi joylashtiriladi.
Kelgusida ushbu IT-parkda o‘nlab kompaniya va startap studiyalar faoliyat yuritishi, shuningdek, 2 mingga yaqin yoshlar yuqori daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida viloyatda axborot texnologiyalari xizmatlari hajmini yiliga 500 milliard so‘mga, eksport ko‘rsatkichini esa 30 million dollarga etkazish maqsad qilingan.
Tadbir yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Namangan IT-parki qurilishiga ramziy tamal toshini qo‘ydi. Shu yerning o‘zida viloyatdagi qator yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish va qurilish ishlarini boshlash marosimi ham o‘tkazildi.






