Farg'ona viloyati va Jizzax viloyatida elektr ta'minoti korxonalari muhandislarining korrupsiyaviy harakatlariga chek qo'yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, Farg'ona tumani elektr ta'minoti korxonasi muhandisi fuqaroga tegishli qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga elektr tarmog'i tortish, elektr hisoblagich o'rnatish va uni tarmoqqa ulash, shuningdek, mansabdor tanishlari orqali ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 100 million so'm talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Farg'ona viloyati boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam sudlangan mazkur muhandis so'ralgan mablag'ni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani elektr ta'minoti korxonasi muhandisi ham mahalliy fermer xo'jaligining elektr energiyasidan foydalanish bo'yicha mavjud 122 million so'm qarzdorligini mansabdor tanishlari orqali bekor qildirib berishni va'da qilib, 50 million so'm talab qilgan.

Ma'lum bo'lishicha, u avvaldan 10 million so'm olgan bo'lib, Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda qolgan 40 million so'mni olayotgan vaqtida qo'lga olingan.






