AsosiyJINOYAT

Toshkentda 29 nafar hokimlik xodimi jinoyat sodir etgani aniqlandi

Ma'lumotlarga ko'ra, o'tkazilgan o'rganishlar natijasida Toshkent shahar hokimligining zahira jamg'armasi mablag'lari hisobidan 2 milliard so'm miqdoridagi mablag'ni tejashga erishilgan.

'Toshkentda 29 nafar hokimlik xodimi jinoyat sodir etgani aniqlandi'ning rasmi

Toshkent shahri hokimligi tizimida faoliyat yuritayotgan 29 nafar xodim jinoyat sodir etgani aniqlangan. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining Toshkent shahar hokimligi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati faoliyati natijalariga bag‘ishlangan qarorida ma’lum qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, hokimlik tizimidagi xodimlar tomonidan jami 1 ming 353 ta ma’muriy huquqbuzarlik holati sodir etilgan bo‘lib, ularning barchasi belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, Mirobod, Chilonzor, Yunusobod va Yashnobod tumanlari hokimlarining to‘rt nafar yordamchisi hamda Yakkasaroy tumani hokimining qurilish va ekologiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bilan korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yuzasidan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.

Ma’lum qilinishicha, davlat xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yishi dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 167 nafar xodimning tijorat tashkilotlarida ishtiroki mavjudligi aniqlangan.

Ushbu holatlarni bartaraf etish maqsadida bir qator choralar ko‘rilgan. Jumladan, olti nafar xodimning 20 ta tadbirkorlik subyektidagi ta’sischilik faoliyati tugatilgan, 13 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Shuningdek, yetti ta tijorat tashkiloti tugatish jarayoniga o‘tkazilgan, ikkitasi esa davlat reestridan chiqarilgan. To‘rt nafar xodimning rahbarlik lavozimlaridagi faoliyati cheklangan.

Qayd etilishicha, jami 49 nafar xodim bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan bo‘lsa, 55 nafar xodimga nisbatan Odob-axloq komissiyalari tomonidan ogohlantirish chorasi qo‘llanilgan.

Tahlillarga ko‘ra, 2026 yil yanvar oyida qabul qilingan qaror va farmoyishlarning 50,4 foizi yashirin tarzda joylashtirilgan bo‘lgan. Aprel oyiga kelib esa ochiq e’lon qilingan qarorlar ulushi 67 foizga yetkazilgan.

Shu bilan birga, Komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tomonidan 350 ta qaror loyihasi ko‘rib chiqilib, ularning yettitasi rad etilgan, 153 tasi esa muvofiqlashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida Toshkent shahar hokimligining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ni tejashga erishilgan.

Ishga qabul qilish uchun tavsiya etilgan 83 nafar nomzoddan 75 nafari bo‘yicha ijobiy xulosa berilgan. Sakkiz nafar nomzodning o‘tmishi yoki faoliyatidagi shubhali holatlar sababli ularga nisbatan salbiy xulosa taqdim etilgan.

    Boshqa yangiliklar