Surxondaryo va Andijon viloyatlarida elektr ta'minoti tizimida korrupsiya bilan bog'liq ikki holat fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma'lum qildi.
Ma'lum qilinishicha, "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ "Energosavdo" filialining Sho'rchi tuman bo'limi muhandisi fuqaroga tegishli savdo do'konida elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilgani yuzasidan rasmiylashtirilgan dalolatnomani qonuniy tartibda ko'rib chiqmaslik, ishni sudga yubormaslik hamda yangi elektr hisoblagichini o'rnatib, ro'yxatdan o'tkazib berish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan.
U dastlab 200 AQSh dollari va 1 million 50 ming so'mni olgan. Keyinchalik Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlari, Ichki ishlar organlari hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o'tkazilgan tezkor tadbirda qolgan 500 AQSh dollari va 2 million 400 ming so'mni olayotgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida elektr ta'minoti korxonasi boshlig'i o'rinbosari o'z xizmat mavqeidan foydalanib, tuman elektr ta'minoti korxonasi xodimlarining oylik faoliyat ko'rsatkichlarini "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Andijon hududiy filialidagi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berish evaziga pul talab qilgan.
U Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o'tkazilgan tezkor tadbirda elektr ta'minoti korxonasi xodimlari tomonidan yig'ilgan 300 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo'zg'atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.






