Bugun, 29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni tavallud kuni munosabati bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, qardosh Turkmaniston xalqiga esa tinchlik va farovonlik tiladi.
Gurbanguli Berdimuhamedov esa o‘z navbatida Prezident Shavkat Mirziyoyevga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomini yetkazdi.
Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holatini yuqori baholab, hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Qayd etilishicha, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sib bormoqda. Sanoat, energetika, transport va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, "Shovot - Toshovuz" chegaraloldi savdo zonasi samarali faoliyat yuritmoqda.
Shu bilan birga, hududlararo hamkorlik, ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalar hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Suhbatda Ashxobod shahrida yaqinda bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya hamda Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari yakunlari ham yuqori baholandi.
Tomonlar joriy yil oktyabr oyida Turkmanistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon yetakchilarining sakkizinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni muvofiqlashtirish yuzasidan ham fikr almashdi.






