Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 iyun kuni Olimpiya shaharchasida Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan maxsus ko‘rgazmaga tashrif buyurib, mamlakatning faol va tashabbuskor yoshlari bilan uchrashdi.
Davlat rahbari mahalla hayoti, ekologiya, startaplar, muhandislik, kitobxonlik va madaniyat sohalariga oid qator loyihalar bilan tanishib, ularning mualliflari bilan muloqot qildi.
Uchrashuv davomida Farg‘ona viloyatidagi “Obod ta’lim” o‘quv markazi faoliyati, ekologik startaplar, inklyuziv ta’lim loyihalari, shuningdek, yoshlarning tadbirkorlik va innovatsiya sohasidagi tashabbuslari taqdim etildi.
Jumladan, Prezident maktabi bitiruvchisi, Chikago universiteti talabasi Asilbek Ashurov tomonidan yaratilgan sun’iy intellektga asoslangan “Makon AI” platformasi, shuningdek, AQShda faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkor Sardorbek Rahmatulloevning startapi davlat rahbariga tanishtirildi.
Muhandislik yo‘nalishida Turin politexnika universiteti talabasi Biloliddin Ismoilovning mahalliy antidron tizimlari, Nukus davlat texnika universiteti talabasi Ayzada Asanovaning yangi avlod avtomobillari bo‘yicha ishlanmalari namoyish etildi.
Shuningdek, kitobxonlikni ommalashtirish, madaniy-ma’rifiy loyihalar va ijodkor yoshlarning tashabbuslari ham taqdim qilindi. Xususan, “Mutolaa” mobil ilovasi hamda adabiy turizmni rivojlantirishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev muloqot yakunida yoshlar tomonidan ilgari surilgan istiqbolli loyihalar va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishini ta’kidladi.






