AsosiyJINOYAT

Toshkent va Navoiyda pora olganlar qo‘lga tushdi

Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Toshkent va Navoiyda pora olganlar qo‘lga tushdi'ning rasmi

Toshkent va Navoiy viloyatlarida pora olish bilan bog‘liq korrupsiyaviy jinoyatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Toshkent viloyatidagi tuman bo‘limlaridan biri inspektori fuqaroga davlat zahirasidagi 20 gektar yer maydonidan tabiiy chimni ko‘chirib olish huquqini beruvchi sertifikat hamda uni tashish uchun deklaratsiya rasmiylashtirib berish evaziga 2 200 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur mablag‘ning 200 dollarini inspektor o‘ziga olib qolgani, qolgan 2 ming dollar esa tuman bo‘limi boshlig‘iga berilishi kerakligi ma’lum bo‘lgan. Keyingi tezkor tadbirda tuman bo‘limi boshlig‘i ham 2 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda “Navoiy suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatining tuman bo‘limlaridan biri mashinisti mahalliy fuqaroni tanishlari orqali operator lavozimiga ishga joylashtirishni va’da qilib, 500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

Tezkor tadbir davomida ushbu pulni olgan vaqtida mazkur korxonaning muqaddam sudlangan bosh muhandisi ham qo‘lga olingan. Shuningdek, ushbu noqonuniy harakatlarga tuman bo‘limi boshlig‘i ham aloqador ekani aniqlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar