Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida gaz ta'minoti hamda kadastr tizimidagi korrupsiyaviy holatlarga chek qo'yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ikki alohida korrupsiyaviy jinoyat fosh etilgan.
Xususan, Samarqand viloyatidagi "Urguttumangaz" gaz ta'minoti bo'limining mansabdor xodimi va ushbu tashkilotda muqaddam ishlagan shaxs o'zaro til biriktirib, mahalliy mas'uliyati cheklangan jamiyatga qarashli ishlab chiqarish sexiga yangi tabiiy gaz taqsimlash uskunasini o'rnatish uchun loyiha hujjatlarini rasmiylashtirish hamda texnik shart ruxsatnomasini olib berishni va'da qilgan. Bu xizmat evaziga ular 2 ming AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida mazkur shaxslar so'ralgan pul mablag'ini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yana bir holat Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan. Kadastr agentligining tuman bo'limlaridan biri boshlig'i mahalliy fuqaroga issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 sotix sug'oriladigan yer maydonini boshqa shaxs nomiga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib, sotib olib berishni va'da qilgan. Buning evaziga u avvalroq 11 ming 600 AQSh dollarini olgan.
Biroq mansabdor shaxs o'z va'dasini bajarmagan. Keyinchalik u olgan mablag' hisobidan 49,7 million so'mni qaytarib berayotgan vaqtida uning noqonuniy harakatlari fosh etilgan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida mansabdor shaxs 11 ming 600 AQSh dollarining qolgan qismi hisoblangan 89,5 million so'mni ham jabrlanuvchiga qaytargan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.






