O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gruziyaga davlat tashrifi doirasida mamlakatning eng oliy davlat mukofotlaridan biri — “Oltin mo'yna” ordeni bilan taqdirlandi.
Taqdirlash marosimi bugun, 2 iyul kuni Tbilisi shahrida bo'lib o'tdi. Mukofotni O'zbekiston Prezidentiga Gruziya Prezidenti Mixail Kavelaşvili topshirdi.
Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev ushbu orden bilan O'zbekiston va Gruziya o'rtasidagi ko'p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga qo'shgan ulkan hissasi uchun taqdirlangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yuqori mukofot uchun Gruziya Prezidenti Mixail Kavelaşvili, Bosh vazir Irakliy Kobaxidze hamda Parlament raisi Şalva Papuaşviliga minnatdorlik bildirib, gruzin xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Ma'lumot uchun, “Oltin mo'yna” ordeni 1998 yilda ta'sis etilgan bo'lib, Gruziyaning eng nufuzli davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. U xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, gruzin madaniyati, ilm-fani va san'atini targ'ib qilishga qo'shilgan alohida xizmatlar uchun beriladi.
Mazkur orden nomi qadimgi yunon mifologiyasidagi Oltin mo'yna haqidagi afsona hamda hozirgi Gruziya hududida joylashgan tarixiy Kolxida o'lkasi bilan bog'liq.
Avvalroq ushbu yuqori mukofot Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, Iordaniya qiroli Abdulla II, Germaniyaning sobiq kansleri Gerxard Shryoder, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'an va Ozarbayjonning marhum Prezidenti Haydar Aliyev kabi davlat arboblariga ham topshirilgan.
Shuningdek, tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev Orbeliani saroyidagi Faxriy mehmonlar kitobiga tilaklarini yozib qoldirdi.






