AsosiySIYOSAT

Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni AQSh mustaqilligining 250 yilligi bilan tabrikladi

"Sizga hamda do'st Amerika xalqiga ko'p millatli O'zbekiston xalqi nomidan eng samimiy tabriklar va ezgu tilaklarni yo'llashdan g'oyat mamnunman", — deyiladi Prezidentning tabrik maktubida.

'Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni AQSh mustaqilligining 250 yilligi bilan tabrikladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti Donald Trampni mamlakat mustaqilligining 250 yilligi va Milliy bayram — Mustaqillik kuni munosabati bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tabrik maktubida davlat rahbari Donald Tramp hamda Amerika xalqini ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi nomidan samimiy qutlab, AQShning iqtisodiy qudrati va xalqaro maydondagi o‘rni uning rahbarligida yanada mustahkamlanayotganini ta’kidladi.

Prezident ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch va mushtarak manfaatlar asosida izchil rivojlanayotganini qayd etdi. Shuningdek, savdo hajmini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, muhim mineral resurslar hamda innovatsion kooperatsiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalishlardan biri ekani ta’kidlandi.

Maktubda xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, noqonuniy migratsiya, terrorizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik va narkotiklar noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashda sa’y-harakatlarni kuchaytirish muhimligi ham qayd etildi.

Shuningdek, davlat rahbari “C5+1” platformasi, BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik Donald Tramp qo‘llab-quvvatlovi bilan yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil dekabr oyida Mayami shahrida bo‘lib o‘tadigan “Katta yigirmalik” sammiti doirasida Donald Tramp bilan uchrashuvni intizorlik bilan kutayotganini ham ta’kidladi.

    Boshqa yangiliklar