Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonda ilk bor o'tkazilayotgan Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi ishtirokchilariga tabrik yo'llab, bugungi kunda Islom sivilizatsiyasining boy ma'naviy, ilmiy va madaniy merosini o'rganish hamda targ'ib qilish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotganini ta'kidladi.
Davlat rahbarining qayd etishicha, dunyoda mojarolar, o'zaro ishonchsizlik, ekstremizm va islamofobiya kuchayib borayotgan murakkab sharoitda ilm-fan, ma'rifat va ezgu qadriyatlar tinchlik hamda barqaror taraqqiyotning eng ishonchli poydevori bo'lib qolmoqda.
"Jaholatga qarshi – ma'rifat" g'oyasi bugun ham o'z ahamiyatini yo'qotmaganini ta'kidlagan Prezident, zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishning eng samarali yo'li ilm-fan, ta'lim-tarbiya va yuksak ma'naviy qadriyatlarni rivojlantirish ekanini qayd etdi.
Mirziyoyevning so'zlariga ko'ra, Markaziy Osiyo, xususan, O'zbekiston zamini asrlar davomida jahon ilm-fani va sivilizatsiyasining yirik markazlaridan biri bo'lgan. Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Burhoniddin Marg'inoniy kabi allomalarning ilmiy merosi butun insoniyatning bebaho boyligi hisoblanadi.
Prezident mamlakatda Islom sivilizatsiyasining boy merosini o'rganish, asrab-avaylash va keng targ'ib qilish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylanganini ta'kidladi. Shuningdek, Samarqand viloyatida Imom Buxoriy memorial majmuasining qayta barpo etilgani butun musulmon olami uchun muhim ma'naviy-ma'rifiy markaz sifatida e'tirof etilayotganini qayd etdi.
Davlat rahbari Islom sivilizatsiyasi markazini o'tmish va kelajakni, Sharq va G'arbni bog'laydigan intellektual ko'prik deb atab, mazkur forum turli davlatlar, xalqaro tashkilotlar va ilmiy markazlar o'rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
Shu bilan birga, Prezident O'zbekiston ilm-fan, madaniyat va gumanitar sohalardagi xalqaro loyihalarni qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirib, barchani ilm-ma'rifat yo'lidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga chaqirdi.






