Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusining tarqalishi kengaymoqda. Mamlakatning yangi hududida ham kasallikka gumon qilingan holatlar aniqlanib, virus qurbonlari soni 600 nafardan oshdi. Bu haqda mamlakat hukumati 8 iyul kuni kechqurun e'lon qilgan so'nggi epidemiologik hisobotda ma'lum qildi.
Hisobotga ko'ra, joriy yilning 15 may kuni rasman e'lon qilingan epidemiya shu kunga qadar mamlakatning sharqiy qismida joylashgan Ituri, Shimoliy Kivu va Janubiy Kivu provinsiyalarida 1 759 nafar kishida aniqlangan.
Biroq ushbu statistikaga mamlakatning yirik shaharlaridan biri hisoblangan Kisanganida qayd etilgan ikki gumonli holat hali kiritilmagan. Chunki ular bo'yicha olingan tahlil namunalari ayni paytda tasdiqlovchi laboratoriya tekshiruvlaridan o'tkazilmoqda.
Rasmiylarga ko'ra, mazkur ikki holatdan biri Ebolaning dastlabki o'chog'i bo'lgan Ituri provinsiyasidagi Niania tibbiy hududi bilan bog'liq. Ikkinchi holat esa Kisanganidan tashqari boshqa hududlar bilan epidemiologik bog'liqlikka ega emas.
Mahalliy hokimiyat Kisanganida virus tarqalishining oldini olish maqsadida kasal bilan muloqotda bo'lgan shaxslarni aniqlash, kuzatuv ishlarini kuchaytirish va sanitariya-epidemiologiya choralarini yanada qat'iylashtirgan.
8 iyul kuni kechqurun e'lon qilingan hisobotga muvofiq, so'nggi bir sutka davomida 51 ta yangi kasallanish holati hamda 20 ta o'lim qayd etilgan.
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti esa epidemiya hozircha barqarorlashmaganini bildirib, aholining faol ko'chib yurishi virusning yanada keng hududlarga tarqalish xavfini oshirayotganini ta'kidlagan.






