AsosiyJINOYAT

Janubiy Koreya va AQShga noqonuniy yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Janubiy Koreya va AQShga noqonuniy yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi'ning rasmi

Toshkent shahrida ikki nafar shaxs fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish va keyinchalik ushbu davlatda doimiy yashash uchun hujjat tayyorlab berishni va’da qilib, katta miqdorda pul talab qilgan vaqtida qo‘lga olindi.

Ma’lum qilinishicha, 1994 va 1999 yillarda tug‘ilgan ikki shaxs o‘zaro til biriktirib, tanishlari orqali “G-1” vizasini olib berish, shu orqali fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish hamda keyinchalik ular uchun doimiy yashash guvohnomasini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Ular o‘z xizmatlari uchun 55 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 25 ming dollar olgan vaqtida DXX Toshkent shahar boshqarmasi va IZhQKD xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan shaxs ham fuqaroni noqonuniy yo‘llar orqali AQShga yuborishni taklif qilgan.

U tanishlari orqali “O‘zbekiston – Turkiya – Ispaniya – Meksika – AQSh” yo‘nalishi bo‘yicha xorijga olib chiqish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilgan.

DXX va IZhQKD xodimlari hamkorligida Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u so‘ralgan mablag‘ning 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutasadidlar fuqarolarni xorijga ishga jo‘natish bilan bog‘liq shubhali takliflarga aldanmaslikka chaqirdi. Qonuniy mehnat migratsiyasi uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, uning hududiy boshqarmalari yoki maxsus litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilish tavsiya etilmoqda.

    Boshqa yangiliklar

    Janubiy Koreya va AQShga noqonuniy yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi - Darakchi.uz