AsosiySIYOSAT

Toshkent xalqaro moliya markazi: iqtisodiyotda yangi strategik qadam

Saida Mirziyoyeva: “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi qonun yilning eng muhim iqtisodiy yangiliklaridan biri bo‘ldi.

'Toshkent xalqaro moliya markazi: iqtisodiyotda yangi strategik qadam'ning rasmi

Prezident tomonidan "Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonun imzolandi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva mazkur hujjatni joriy yilning eng muhim iqtisodiy yangiliklaridan biri hamda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy natijasi sifatida baholadi.

Uning ta’kidlashicha, yangi qonun mamlakatda xalqaro standartlarga mos moliyaviy infratuzilmani shakllantirish, investitsiya muhitini yaxshilash va O‘zbekistonning xalqaro kapital bozorlaridagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.

Hujjatga ko‘ra, Toshkent xalqaro moliya markazi hududida investorlar va moliyaviy tashkilotlar uchun alohida huquqiy rejim joriy etiladi. Markazda mustaqil moliyaviy regulyator, xalqaro tijorat sudi hamda nizolarni hal etishning zamonaviy mexanizmlari faoliyat yuritadi.

Yangi markaz bank va investitsiya xizmatlari, kapital bozori, sug‘urta, islom moliyasi, fintech, raqamli aktivlar, aktivlarni boshqarish hamda yuridik va konsalting xizmatlarini qamrab olgan moliyaviy ekotizim sifatida rivojlantiriladi.

Rejaga ko‘ra, 2030 yilga qadar markaz orqali 20–25 milliard AQSh dollarigacha qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilish, 15 minggacha yuqori malakali ish o‘rni yaratish va 10 ming nafar mutaxassisning malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.

Mazkur tashabbus O‘zbekistonning ochiq va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish, xususiy sektorni rivojlantirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida qayd etilmoqda.

    Boshqa yangiliklar