AsosiyJINOYAT

Toshkentda Afrikadan yuborilgan qariyb 1 kilogramm kokain ushlandi, Bo‘stonliqda esa 17,6 ming tup ko‘knori aniqlandi

Hozirda mazkur ish yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Toshkentda Afrikadan yuborilgan qariyb 1 kilogramm kokain ushlandi, Bo‘stonliqda esa 17,6 ming tup ko‘knori aniqlandi'ning rasmi

O'zbekistonda o'tkazilayotgan "Xavfsiz va sog'lom yurt" keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo'mitasi hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi bir qator tezkor tadbirlar amalga oshirildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.

Ma'lum qilinishicha, Syerra-Leone Respublikasidan yuborilgan kuryerlik jo'natmasini Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi xususiy kuryerlik xizmati orqali qabul qilib olgan paytda Yashnobod tumanida yashovchi, 1983 yilda tug'ilgan, muqaddam sudlangan shaxs ushlangan.

Tekshiruv davomida avtotransport ehtiyot qismlari ichiga yashirilgan 728 gramm kokain aniqlanib, belgilangan tartibda ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Shuningdek, gumonlanuvchining yashash xonadoni ko'zdan kechirilganda, zip-paketlarga joylangan kukunsimon moddalar hamda tarkibida narkotik vositalar mavjud bo'lgan shirinliklar ham topilgan.

Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

Bundan tashqari, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanida o'tkazilgan tezkor tadbir davomida 1971 yilda tug'ilgan fuqaro taqiqlangan ko'knori o'simligini ekib, parvarishlab kelgani fosh etilgan.

G'ilavasoy qishlog'i hududidagi tog' yon bag'irlarida joylashgan yer maydoni tekshirilganda, jami 17 ming 600 tup ko'knori hamda 9 tup kannabis o'simligi mavjudligi aniqlangan.

Shuningdek, uning yashash manzilida quritilgan ko'knori boshoqlari va maydalangan holda saqlanayotgan ko'knori ham ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat bo'yicha gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 270-moddasi ikkinchi qismi "v" bandi hamda 25, 273-moddasi oltinchi qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Hozirda mazkur ish yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar