AsosiyJINOYAT

Qashqadaryoda tayinlanganiga 2 oy ham bo‘lmagan maktab direktori 500 dollar pora olib, 5 yilga qamaldi

Direktor pulni olganidan so‘ng talabani kuzatib chiqish vaqtida o‘zini departament xodimi deb tanishtirgan shaxs vaziyatga aniqlik kiritish uchun xizmat xonasiga qaytishni so‘ragan.

'Qashqadaryoda tayinlanganiga 2 oy ham bo‘lmagan maktab direktori 500 dollar pora olib, 5 yilga qamaldi'ning rasmi

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida maktab direktori vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlanganiga 2 oy ham bo'lmagan shaxs ishga kiritmoqchi bo'lgan talabadan 500 dollar pora talab qilgan. Sud unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Sud hujjatlariga ko'ra, 62 yoshli F.G. 2026 yil 26 fevral kuni Mirishkor tumanidagi umumiy o'rta ta'lim maktablaridan biriga direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. Unga maktab xodimlarini ishga qabul qilish va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish vakolati berilgan.

2026 yil 22 aprel kuni Qarshi davlat universitetining fizika yo'nalishida tahsil olayotgan 4-bosqich talabasi A.X. o'qishni tamomlash arafasida ish izlab, bir nechta maktabga murojaat qilgan. U murojaat qilgan ta'lim muassasalarida bo'sh ish o'rni yo'qligi aytilganidan so'ng F.G. rahbarlik qilayotgan maktabga borgan.

Talabaning ko'rsatuviga ko'ra, direktor unga fizika fani o'qituvchisi sifatida ishga olishi mumkinligini aytgan va buning evaziga 500 dollar so'ragan. A.X. bunday mablag'i yo'qligini aytganida esa F.G. "Qizim, qara, ko'ngildan chiqarib beraver, men ishingni aniq hal qilib beraman", deya va'da qilgan.

Shundan so'ng talaba direktor bilan bo'lgan suhbatni telefoniga yozib olgan va holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

Oradan bir kun o'tib, A.X. direktorning shartlariga roziligini bildirgan va ishga qabul qilish haqida ariza yozgan. Shunda F.G. kelishilgan pulni olib kelgan-kelmaganini so'ragan. Talaba dollar topa olmaganini, biroq 6 million so'm olib kelganini aytgan.

Direktor pulni olganidan so'ng talabani kuzatib chiqish vaqtida o'zini departament xodimi deb tanishtirgan shaxs vaziyatga aniqlik kiritish uchun xizmat xonasiga qaytishni so'ragan. Dastlab bunga rozi bo'lgan F.G. keyinchalik xodimni chalg'itib, maktabning asosiy eshigi tomon qochgan.

U qo'lidagi pullarni bedazor orasiga tashlab, maktab devoridan oshib qochishga uringan. Biroq taxminan 200 metr yugurganidan so'ng qoqilib yiqilgan va tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.

Jinoyat ishlari bo'yicha Mirishkor tumani sudi hukmi bilan F.G. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi "v" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, u 2 yil davomida davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot va muassasalarda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Avvalroq Surxondaryoda o'rinbosaridan 2 million so'm pora olgan maktab direktori 4 yilga qamalgani xabar qilingan edi.

    Boshqa yangiliklar