AsosiySIYOSAT

Prezident Tanzila Norboevani "El-yurt hurmati" ordeni bilan taqdirladi

U bunga qadar "Mehnat shuhrati" ordeni va "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan.

'Prezident Tanzila Norboevani "El-yurt hurmati" ordeni bilan taqdirladi'ning rasmi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboeva "El-yurt hurmati" ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda Prezidentning tegishli farmoni imzolandi.

Farmonga muvofiq, Tanzila Norboeva davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, Yangi O‘zbekistonda parlament faoliyatini rivojlantirish va demokratik islohotlarni izchil amalga oshirishdagi alohida xizmatlari uchun yuksak davlat mukofotiga munosib ko‘rildi.

Shuningdek, uning milliy davlatchilikning huquqiy asoslarini mustahkamlash, inson qadrini ulug‘lash, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yuksaltirish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faol ishtiroki e’tirof etildi.

Tanzila Norboeva 1956 yil 24 iyul kuni Andijon viloyatining Shahrixon tumanida tavallud topgan. U 1981 yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan bo‘lib, pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega.

Mehnat faoliyatini 1974 yilda Shahrixondagi 1-maktabda yoshlar yetakchisi sifatida boshlagan. Keyinchalik ta’lim tizimi va davlat boshqaruvining turli bo‘g‘inlarida mas’ul lavozimlarda ishlagan. 2010–2016 yillarda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga rahbarlik qilgan, 2016–2019 yillarda Bosh vazir o‘rinbosari hamda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi vazifasida faoliyat yuritgan.

2019 yil iyun oyida Prezident tomonidan Oliy Majlis Senati a’zosi etib tayinlangan Tanzila Norboeva oradan bir kun o‘tib Senat raisi etib saylangan edi.

U bungacha ham "Mehnat shuhrati" ordeni va "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan. Endi esa tavalludining 70 yilligi munosabati bilan "El-yurt hurmati" ordeni sohibi bo‘ldi.

    Boshqa yangiliklar