AsosiyJINOYAT

Chemodan ichidagi shampun idishlaridan 11,8 kg hashish moyi topildi

Toshkent aeroportida katta miqdordagi giyohvandlik vositasini mamlakat hududiga olib kirishga uringan shaxslar qo‘lga olindi.

'Chemodan ichidagi shampun idishlaridan 11,8 kg hashish moyi topildi'ning rasmi

"Xavfsiz va sog‘lom yurt" tezkor profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari "Toshkent-Aero" ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi bilan hamkorlikda tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazgan.

Tadbir davomida "Bangkok – Dehli – Toshkent" aviareysi orqali Toshkent xalqaro aeroportiga yetib kelgan va "yashil" yo‘lak orqali harakatlangan Qirg‘iziston fuqarosining yuklari belgilangan tartibda tekshirilgan.

Tekshiruv jarayonida uning chamodanlaridagi shampun idishlari ichiga yashirilgan umumiy og‘irligi 11,8 kilogramm bo‘lgan "gashish moyi" borligi aniqlangan.

Shundan so‘ng tezkor tadbirlar davom ettirilib, mazkur giyohvandlik vositasi Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonga qoldirilgani ma’lum bo‘lgan. Uni olib ketish uchun kelgan vaqtda esa Chirchiq shahrida yashovchi 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv ishlari davomida aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositalari Tailanddan olib kelinib, O‘zbekiston hududi orqali qo‘shni respublikaga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda gumonlanuvchilarga nisbatan "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar