Janubiy Koreyaning Pusan shahrida o‘tkazilgan YuNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida Toshkent modernizm me’morchiligi obyektlari tashkilotning Umumjahon merosi ro‘yxatiga rasman kiritildi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning ma’lum qilishicha, bu so‘nggi 25 yil ichida O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan milliy nominatsiyaning ilk bor YuNESKOning mazkur nufuzli ro‘yxatidan o‘rin olishidir.

Uning ta’kidlashicha, mazkur qaror nafaqat alohida me’moriy obyektlar, balki 1966 yilgi zilziladan keyin Toshkentning qayta barpo etilishi bilan bog‘liq butun bir tarixiy davrning xalqaro darajada e’tirof etilishi hisoblanadi.
Saida Mirziyoyeva ushbu voqeani O‘zbekistonning boy me’moriy merosini asrab-avaylash, uni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi muhim qadam deb baholadi.








