O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva 1 avgust kuni Qirg'izistonning Issiqko'l sohilida suv-motor sporti bo'yicha Qirg'iziston Gran-prisining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident matbuot xizmati ma'lum qilishicha, tadbir Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi dasturi doirasida o'tkazilgan. Davlat rahbarlari musobaqa ishtirokchilari va mehmonlarni qutlab, sportchilarga omad tiladi.
Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan birga sportchilarning saralash bahslarini ham kuzatdi.

Ma'lumot uchun, Qirg'iziston Gran-prisi Xalqaro suv-motor sporti federatsiyasi homiyligida o'tkazilayotgan F1H2O jahon chempionatining ikkinchi bosqichi hisoblanadi. "Suvdagi Formula-1" sifatida tanilgan ushbu musobaqada har yili turli mamlakatlardan professional jamoalar va sportchilar ishtirok etadi.

Bu jahon chempionati bosqichi Markaziy Osiyoda ilk bor tashkil etilmoqda. Musobaqa dasturidan mashg'ulotlar, saralash poygalari va soatiga 220 kilometrdan ortiq tezlikda harakatlanuvchi qayiqlar ishtirokidagi asosiy poyga o'rin olgan.







