AsosiySIYOSAT

“Oʻzbekneftgaz” yarim yilda 11,5 milliard kub metr gaz qazib chiqardi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining 2026 yil birinchi yarmidagi faoliyati hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar bo‘yicha hisobot berildi.

'“Oʻzbekneftgaz” yarim yilda 11,5 milliard kub metr gaz qazib chiqardi'ning rasmi

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning yanvar–iyun oylarida jamiyat tomonidan 11,5 milliard kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilgan. Shuningdek, neft, dizel yoqilg‘isi, aviakerosin va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmlari prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lgan.

Yil oxirigacha “O‘zbekneftgaz” tomonidan 1 million 100 ming tonna avtobenzin, 983 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 310 ming tonna aviakerosin, 606 ming tonna suyultirilgan gaz hamda qariyb 1 million 180 ming tonna sintetik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda dunyodagi geosiyosiy vaziyatning o‘zgarishi fonida Markaziy Osiyo yo‘nalishida aviaqatnovlar soni ortib borayotgani ham qayd etildi. Xususan, O‘zbekistonga amalga oshirilayotgan aviareyslar soni 2025 yilga nisbatan ko‘paygan.

Shu munosabat bilan joriy yil iyul–dekabr oylarida aviakerosinga bo‘lgan talab 375 ming tonnani tashkil etishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga ko‘pdir. Talabning asosiy qismi mahalliy neftni qayta ishlash zavodlari hisobiga ta’minlanishi rejalashtirilgan.

Ayrim hamkor davlatlarda neft mahsulotlari eksportiga cheklovlar joriy etilgani sababli muqobil manbalardan, jumladan, Gruziya, Iroq va boshqa mamlakatlardan aviakerosin import qilish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish maqsadida “O‘zbekgeofizika” aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish rejalari haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, kon-geofizika uskunalarini yangilash va zamonaviy dala 3D seysmik majmuasini xarid qilish uchun 38,8 million dollar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, AQShning “Schlumberger” kompaniyasi bilan hamkorlikda seysmik ma’lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Markazda zamonaviy superkompyuter majmuasi o‘rnatilib, seysmik tadqiqotlarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu choralar natijasida 3D seysmik tadqiqotlar maydonini yillik 1 ming 800 kvadrat kilometrdan 5 ming kvadrat kilometrga, tadqiqot chuqurligini esa 4,5 ming metrdan 8 ming metrga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, istiqbolli geologik tuzilmalar sonini 19 tadan 30 taga oshirish maqsad qilingan. Yig‘ilishda quduqlar qurilishida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, jumladan, yuqori harorat va bosimga chidamli materiallardan foydalanish, ultratovushli karotaj, real vaqt rejimidagi geofizik nazorat hamda gorizontal burg‘ilash usullarini keng qo‘llash vazifalari belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini neft mahsulotlari bilan barqaror va uzluksiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, tarmoq korxonalarini texnologik yangilash, energiya samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

    Boshqa yangiliklar