AsosiySIYOSAT

Prezident Administratsiyasi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Deputatlar mazkur konstitutsiyaviy qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.

'Prezident Administratsiyasi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bugun, 4 avgust kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qildi.

Qonun loyihasi bilan Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi hamda vakolatlari belgilab qoʻyilmoqda.

Shuningdek, hujjatda Prezident Administratsiyasi mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining huquqiy kafolatlari nazarda tutilgan.

Loyihada Prezident Administratsiyasining davlat organlari va tashkilotlaridagi komplaens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan oʻzaro hamkorligiga oid normalar ham aks etgan.

Deputatlar mazkur konstitutsiyaviy qonun loyihasini birinchi oʻqishda maʼqulladi.

Mazkur qonun loyihasi joriy yilning 25 iyul kuni kuchga kirgan Konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan.

Eslatib oʻtamiz, 2023 yil 1 maydan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri kuchga kirgan edi. Joriy yilning 25 iyul kuni esa unga ilk bor oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Xususan, “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun bilan Konstitutsiyaning bir qator moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Ulardan biri Konstitutsiyaning 109-moddasiga taalluqli boʻlib, unga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan taʼminlash maqsadida Prezident Administratsiyasini shakllantirishi hamda uning rahbarini tayinlashi belgilandi.

Shuningdek, Konstitutsiyada Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolatlari alohida qonun bilan belgilanishi mustahkamlab qoʻyilgan.

    Boshqa yangiliklar