AsosiySIYOSAT

Toshkent viloyatida ayol go‘dak tagligiga oltin yashirib, olib chiqishga urindi

Holatlarda voyaga yetmagan bolalardan foydalanilgan.

'Toshkent viloyatida ayol go‘dak tagligiga oltin yashirib, olib chiqishga urindi'ning rasmi

Toshkent viloyatida oltin va xorijiy valyutani noqonuniy ravishda olib chiqishga bo‘lgan urinishlar aniqlandi. Holatlarda voyaga etmagan bolalardan foydalanilgan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatidagi “Navoiy” chegara bojxona postida mamlakatdan chiqib ketayotgan ayollardan biri shubha uyg‘otgan. Tekshiruv davomida uning go‘dak farzandi tagligiga yashirilgan qariyb 200 gramm og‘irlikdagi ikki dona oltin quyma aniqlangan.

Shuningdek, mazkur shaxsning yonidan bojxona nazoratiga taqdim etilmagan 70 gramm zargarlik buyumlari ham topilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, noqonuniy ravishda olib chiqishga urinilgan oltin buyumlarning umumiy qiymati 450 million so‘mga baholanmoqda.

Yana bir holatda esa qo‘shni davlat fuqarosi bo‘lgan ayol 14 yoshli qizining kiyimlari ostiga 40 ming AQSh dollarini yashirib, O‘zbekiston hududidan olib chiqishga uringan vaqtida bojxona xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

Bojxona qo‘mitasi voyaga etmaganlarni huquqbuzarlik sodir etishga jalb qilish qonunchilikka ko‘ra javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat hisoblanishini eslatdi. Shuningdek, bolalarni jinoyat sodir etishga jalb qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar

    Toshkent viloyatida ayol go‘dak tagligiga oltin yashirib, olib chiqishga urindi - Darakchi.uz