Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun ma'qullandi.
Senat ma'lumotiga ko‘ra, hujjat Prezident administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi, vazifalari va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Qonun bilan administratsiyaning davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik mexanizmlari, shuningdek, mansabdor shaxslar va xodimlarining huquqiy kafolatlari ham mustahkamlanmoqda.
Hujjatni ishlab chiqishda AQSh, Finlyandiya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Latviya va Qozog‘iston kabi davlatlar tajribasi o‘rganilgan.
Qayd etilishicha, qonun Prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta'minlash, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish hamda boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, qonun loyihasi 4 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilingan edi.






