Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston boks maktabining afsonaviy vakili, jahon chempioni va mashhur murabbiy Rufat Riskievning vafoti munosabati bilan uning oilasi va yaqinlariga ta’ziya bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Toshkent yo‘lbarsi” nomi bilan tanilgan Rufat Riskiev 15 avgust kuni 76 yoshida vafot etdi. Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, davlat rahbari ta’ziyanomasida marhumning o‘z hayotini boksga bag‘ishlagani, sportdagi yutuqlari va yosh avlod tarbiyasiga qo‘shgan hissasi alohida ta’kidlangan.
Rufat Riskiev 1949 yil 2 oktyabrda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. U 1976 yilgi Monreal Olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritgan va sobiq Ittifoq miqyosida to‘rt karra chempion bo‘lgan.
Riskiev Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan birinchi xalqaro toifadagi professional boks hakami sifatida ham faoliyat yuritgan.
Uning o‘zbek sportini rivojlantirish va yoshlarni tarbiyalashdagi xizmatlari davlat tomonidan munosib baholanib, “El-yurt hurmati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan taqdirlangan.






