Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Unda ilk bor tumanlarda tashkil etilgan studiyalar orqali 25 mingga yaqin tadbirkor ham ishtirok etmoqda.
Davlat rahbari tadbirda mamlakat iqtisodiy qudratini mustahkamlashga faol hissa qo‘shayotgan 1 million 200 ming nafarlik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi.
Prezidentning ta’kidlashicha, tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish an’anasi boshlanganidan buyon biznesga to‘siq bo‘layotgan minglab masalalarga yechim topilgan. Bu davrda 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilingan.
"Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarimizni uzoqqa bormasdan, mahallasining o‘zida daromadli qilish uchun!" — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilishicha, o‘tgan besh yilda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb uch karra oshib, 450 trillion so‘mga yetgan. Tadbirkorlar 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalangan.
Shuningdek, ko‘plab tadbirkorlar xorijiy banklardan o‘z loyihalari uchun mustaqil ravishda 1 milliard dollar jalb qilgan. Prezident buni tadbirkorlar erishgan yana bir ulkan marra sifatida baholadi.
"Bugun tadbirkorlarimiz "biznesni boshlash" bosqichidan "kapitalni ko‘paytirish" bosqichiga o‘tmoqda", — dedi davlat rahbari.
So‘nggi besh yilda korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyalari uch karra ko‘payib, 363 trillion so‘mga yetgan.
Sanoat ishlab chiqarishi 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga ko‘paygan.
Axborot texnologiyalari, fintex va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarining jadal rivojlanishi natijasida xizmatlar hajmi 1 trillion so‘mdan oshgan tumanlar soni 41 tadan 152 taga yetgan.
Xalqaro marketpleyslar bilan ishlayotgan korxonalar soni 3,5 mingtaga yetgan. O‘z biznesini mahallada boshlab, mamlakat bo‘ylab o‘nlab filiallarga ega bo‘lgan tadbirkorlar soni 550 tadan, milliy brendini yaratgan tadbirkorlar esa 300 tadan oshgan.
Prezident so‘nggi yillarda mis, oltin, metall prokati, polietilen, PVX, kaolin va boshqa xomashyo turlarining taklifi oshirilganini qayd etdi.
Bu esa elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va mebelsozlik kabi sohalarda katta o‘sishga zamin yaratgan.
Shuningdek, elektromobillar, polimer va maishiy kimyo, "yashil" energetika hamda zargarlik sanoati kabi yangi yo‘nalishlar shakllangan.
"BYD", "ADM Jizzakh", "Sirdaryo Asaka Motors" kabi zamonaviy avtomobil zavodlari sohaga yangi texnologiya va kompetensiyalarni olib kirgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda Xorazm viloyatida ham tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, qisqa davrda viloyat iqtisodiyotiga 4 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilib, 10 mingta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilgan.
"Hazorasp" maxsus iqtisodiy zonasi va 31 ta sanoat zonasi tashkil etilgan.
Tuproqqal’a va Yangiariq tumanlarida umumiy quvvati 275 megavatt bo‘lgan elektr stansiyalari barpo etilgan. Ular korxonalarning barqaror energiya ta’minotini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bugun Xorazm iqtisodiyotining 72 foizini kichik biznes yaratmoqda. Viloyat eksportida kichik biznes ulushi 81 foizga yetgan va Xorazm bu ko‘rsatkich bo‘yicha respublikada birinchi o‘ringa chiqqan.
Viloyatda haftalik aviaqatnovlar soni 16 tadan 102 taga, temir yo‘l qatnovlari esa 8 tadan 41 taga ko‘paygan.
"Toshkent — Xiva" tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, 35 kilometrlik yangi "Urganch — Xiva" avtomobil yo‘li ishga tushirilmoqda.
Turizm sohasida ham yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Xivada 25 gektar maydonda "Arda Xiva" turizm majmuasi barpo etilgan. Tadbirkorlar tomonidan 7 ming o‘ringa mo‘ljallangan 331 ta mehmonxona va mehmon uyi tashkil etilgan.
Joriy yilda Xorazmga 3 million nafar xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda.
Shuningdek, Xivada mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar obyektlarni o‘z ichiga olgan "Sahro yulduzi" turizm majmuasi barpo etiladi.
"Bir so‘z bilan aytganda, bugun Xorazm tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar markaziga aylanib bormoqda", — dedi Prezident.
Muloqot davomida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, hududlarda biznes imkoniyatlarini yanada kengaytirish va yangi investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan tashabbuslar taqdim etilishi kutilmoqda.






