Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini endi boshlayotganlarga 200 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.
Davlat rahbari tadbirkorlik uchun barqaror o‘sish traektoriyasini ta’minlash birinchi yo‘nalish sifatida belgilanganini aytdi.
Qayd etilishicha, banklar kredit portfelida kichik biznesning ulushi 45 foizdan 63 foizga oshgan. Joriy yilning birinchi yarmida kichik va o‘rta biznesga 76,5 trillion so‘m resurs ajratilgan.
Shuningdek, yaqinda “Kredit xizmatlari yagona raqamli portali” ishga tushirilgan. Endi tadbirkor bitta ariza topshiradi, banklar esa mijoz uchun o‘zaro raqobat qiladi. Biznesini endi boshlayotganlar 5 milliard so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Prezident tadbirkorlikning har bir bosqichiga mos yagona ekotizim yaratilishini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar uchun “Biznes lift”, yangi o‘sish bosqichiga o‘tayotganlar uchun esa “Biznes yuksalish” dasturlari joriy etiladi.
“Biznes start” dasturi doirasida tadbirkorlarga sun’iy intellekt yordamida loyiha tayyorlash, kredit hujjatlarini rasmiylashtirish va hisobot yuritish o‘rgatiladi.
Bu maqsadlarga 100 milliard so‘m ajratiladi. Tadbirkorlarga tayyor biznes-reja bilan birga 200 million so‘mgacha garovsiz kredit berish imkoniyati yaratiladi.
“Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylanguncha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.






