AsosiySIYOSAT

Toshkentda “Sifatli davlat boshqaruvi dasturi” mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi

Marosimda “Eng yaxshi vazirlik” nominatsiyasi g‘olibi sifatida Adliya vazirligi e’tirof etildi.

'Toshkentda “Sifatli davlat boshqaruvi dasturi” mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi'ning rasmi

Tadbirda mamlakatda davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, davlat xizmatlari sifatini oshirish, fuqarolar manfaatlariga xizmat qiluvchi samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda O‘zbekistonda davlat xizmati tizimida professionallik, ochiqlik va jamoatchilik oldidagi mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilgan yangi yondashuvlar joriy qilinmoqda. Xususan, 2022-yilda “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi sohadagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.

Tadbirda O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgani, joriy yil mart–aprel oylarida xorijiy va mahalliy ekspertlar 41 ta vazirlik, qo‘mita va agentlik faoliyatini tahlil qilgani ma’lum qilindi. Mukofot sohiblari ushbu baholash natijalari asosida aniqlangan.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov hamda Prezidentning kadrlar siyosati bo‘yicha maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev ishtirok etdi.

Taqdirlash yakunlariga ko‘ra, “Eng yaxshi vazirlik” nominatsiyasi g‘olibi Adliya vazirligi deb topildi. Shuningdek, vazirlik “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini samarali amalga oshirish, innovatsiyalar, samarali boshqaruv va integratsiyalashgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yo‘nalishlarida ham g‘olib bo‘ldi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi resurslarni boshqarish, inson kapitalini rivojlantirish hamda integratsiyalashgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bo‘yicha eng yaxshi davlat organi sifatida e’tirof etildi.

    Boshqa yangiliklar