O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat idoralari faoliyatini baholashda asosiy mezon natijadorlik bo'lishini ma'lum qildi. Davlat rahbariga ko'ra, vazirlik va idoralarning aholi oldidagi mas'uliyatini oshirish hamda ular faoliyatini xolis baholash doimiy e'tibor markazida bo'ladi.
"Bundan buyon "jarayon uchun" emas, "natija uchun" ishlash tamoyili idoralar faoliyatida asosiy mezoniga aylanadi", — dedi prezident.
Qayd etilishicha, "Sifatli davlat boshqaruvi" dasturi yangi boshqaruv madaniyati va zamonaviy dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan islohot hisoblanadi.
Dastur davlat idoralari faoliyatini xolis baholash, ularning kuchli va zaif jihatlarini aniqlash, ilg'or tajribalarni ommalashtirish hamda sog'lom raqobat muhitini qo'llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Joriy yil yanvar–aprel oylarida dastur doirasida davlat idoralarining boshqaruv sifati va rahbar kadrlarning yetakchilik qobiliyati xalqaro ekspertlar hamda mahalliy mutaxassislar ishtirokida baholangan.






