Termiz xalqaro aeroportida O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta ta`lim vazirligi huzuridagi Afg`oniston fuqarolarini o`qitish ta`lim markazining ilk qaldirg`ochlari davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, talaba-yoshlar ishtirokida tantanali kutib olindi.
Termiz tumanida barpo etilgan ta`lim markazida qo`shni davlat yoshlarining o`zlari tanlagan kasb bo`yicha o`qib, izlanishi va etuk mutaxassis bo`lib ulg`ayishi uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Auditoriya va laboratoriyalar zamonaviy ta`lim standartlari asosida jihozlangan. Barcha qulayliklarga ega yotoqxona barpo etilgan.
Afg`onistondan kelgan talaba-yoshlar shu kuni Termiz shahridagi Hakim at-Termiziy majmuasini ziyorat qildi. Mintaqada yagona bo`lgan Termiz arxeologiya muzeyida bo`ldi.
— O`tgan yili kollejni tugatdim, — deydi Afg`oniston Islom Respublikasining Mozori Sharif shahridan kelgan Saidg`ulom Saxiy. — O`zbek tili va adabiyoti bo`yicha oliy ma`lumotli mutaxassis bo`lib, kelgusida o`z yurtimizda bolalarga shu tilni o`rgatishni maqsad qilib olganman. Bu shahar bizda dastlabki kundanoq katta taassurot o`yg`otdi. Ayniqsa, tarixiy obidalar va boy qadimiy merosga ega muzeyni tomosha qilib, O`zbekiston haqida ko`plab qiziqarli ma`lumotlarga ega bo`ldik.






