Tanishing: Nazira Isroilova, qandolat sexi rahbari, 2017 yilning Eng yaxshi tadbirkori nominasiyasi bo`yicha taqdirlangan:
Faqat olg`a intilish kerak! Bu – biznesda ham, hayotda ham bizga shior bo`lsa, hammasi o`z-o`zidan yaxshilanib boraveradi. Masalan, men bir kun kelib, o`z biznesim bo`ladi, deya aniq o`ylamagan bo`lsam ham qandaydir katta bir ishning boshini tutishim, hunarimni ishga solib, nimagadir erishishimni hamisha bilganman, his qilganman.
O`shanda 2009 yil edi. Qandolat sexiga ishga kirdim va o`zim sevgan yumush bilan shug`ullana boshladim. Sexda bor-yo`g`i bitta pech bor, unda har kuni bir xil pishiriq tayyorlanardi. Nega endi assortimentni ko`paytirish mumkin emas? Bu taklifni rahbarga aytdim va pishiriqlar xilini ko`paytirish harakatiga tushdim. Sex egasi keyinchalik texnolog va boshqaruvchi lavozimlariga o`tkazdi, meni. Shu tariqa oradan ikki yil o`tib, men o`ziga ishongan mutaxassisga aylandim! Qandolat sexini yuritish bo`yicha yaxshigina tajriba to`plagan va mahsulotlarimiz uchun doimiy mijozlar orttirib ulgurganim uchun ham mustaqil biznes boshlash fikriga keldim. Yig`ib qo`ygan bor pulimni tikib, ikki shogirdimni yonimga oldimu ishga kirishdim. Avvaliga ikki xil mahsulot tayyorladik. Vaqt o`tib esa assortimentimiz 50 xilga, ishchilar soni 30 nafarga etdi...
Aslida, har qanday mahsulot uchun eng yaxshi reklama – bu uning sifati. Mijozni o`rgatib olguncha a`lo sifatni ta`minlab, keyin aynish... buni hech hazm qilolmayman. Hozir seximizning beshta filiali bor, pishiriqlarimizga talab katta. Bu nimaning hisobiga, degan savolga shunday javob bera olaman: biz pishiriqlar uchun ekologik toza, tabiiy mahsulot ishlatamiz, birorta ham shirinlikka kimyoviy aralashma qo`shilmaydi. Ular xuddi uyda pishirilgandek xushta`m, bezarar. Shuning uchun ham do`konlarimizdan mijozlar qadami uzilmaydi.
Oliy ma`lumotli bo`lmaganim uchun juda ko`p afsuslanganman. Qaergaki, ishga bormayin, g`ayratimni, ishga bo`lgan mehrimni ko`rib, hamma qoyil qolardi-yu, «Bitta kamchiliging diploming yo`qligi-da», derdi. Bu menga doim ta`sir qilgan. Bolalarim o`qishi kerak, mening armonim ularga begona bo`lsin, ular oliy ma`lumot olsin, dedim. Va nimaiki qilgan bo`lsam, shuning uchun qildim. O`g`lim, katta qizim institutni tamomlashdi. Kenja qizim esa hozir kollejda o`qiyapti. O`g`lim institutni bitirgach, yonimga kirdi, MChJning barcha moliyaviy yumushlarini zimmasiga oldi.
Loyihalar ko`p. Ularni birma-bir hayotga tatbiq qilish kerak, xolos. Bir kuni kelinim tushmagur aytib qoldi: «Oyi, ayol kishi doim o`ziga qarab yurishi kerak, odamning tashqi ko`rinishi uning ichki olami haqida ma`lumot beradi, degan gapni ko`p aytasiz. Menimcha, shu fikringizning o`zi juda yaxshi biznes g`oya. Falonchining uyi yonida bo`sh yotgan ikki qavatli binoni olib, mahallamiz ayollari uchun go`zallik saloni ochaylik». Chindan ham, shu bino qanchadan beri bo`sh, qarovsiz yotibdi, deb o`ylab qoldim va surishtirib, binoni sotib olishga kirishdim. Hozir o`sha erda ta`mirlash ishlari ketyapti. Nasib qilsa, erkaklar va ayollar go`zallik salonini ochamiz. Bu bilan yana 15 kishi ishli bo`ladi...

Tadbirkor ayol bo`lish qiyinmi yo oson? Buni mendan ko`p so`rashadi. Rosti, oson, desam aldagan bo`laman. Axir, mehnat mashaqqatsiz bo`lmaydi. Tadbirkorlik va biznes – bu mehnat, degani, tinim bilmay izlanish, harakatdan bir zum ham to`xtamaslik, degani. O`z ishingni puxta bilishdan tashqari huquqingni ham talab qila olishing kerak. Aks holda mansabini suiste`mol qilib, faoliyatingga aralashuvchilar, biznesingga bolta uruvchilar qurboni bo`lasan.
O`tgan yili shunday bo`ldi. Do`konlarimdan birining avvalgi egasi binoga noqonuniy ravishda joy qo`shib olgan ekan. Tabiiyki, bundan xabarim bo`lmagan. Majburiy ijro byurosidan kelib, hoziroq binoni buzamiz, deb turib olishsa bo`ladimi? Tushuntirsangiz, tushunishmaydi, sizni eshitishni ham istashmaydi, osmondan kelib, qonunni buzgansiz, deb do`q urishadi. Men ham bo`sh kelmadim: «Qani ogohlantirish xati? Qani, menga berilishi kerak bo`lgan muddat? 30 kishini ish bilan ta`minlagan tadbirkorga shumi, munosabat? Prezidentimiz tadbirkorning dushmani – mening dushmanim, deb aytganini eshitmadingizmi?..». Shundan so`ng hammasi qonuniy hal bo`ldi – albatta, mening foydamga!
Agar biznesim bo`lmaganda ayni dam nima bilan shug`ullanardim, deb o`ylab qolaman, ba`zan. Shuni aniq bilamanki, bo`sh o`tirmasdim, o`zim sevgan qandaydir yumush bilan band bo`lishim aniq edi. Bekorchilikni jinim suymaydi. Sevgan kasbing, zavqlanib bajaradigan yumushing bo`lmasa, hayotning qizig`i qoladimi?.. Sexga kelsam, direktorman, deb o`tirmayman. Qizlarga qarashaman, ular bilan yangi-yangi reseptlar ustida ishlaymiz. Bu menga rohat bag`ishlaydi.
Deputat bo`lishni u qadar ham orzu qilmaganman, rosti. Xalqning o`zi ishonch bildirdi va bundan xursand ekanimni yashirmayman. Yil oxirida Toshkent shahar xalq deputatlarining Yunusobod tumani Kengashi deputatligiga o`tkazilgan saylovda g`olib bo`lganim meni yana yangi g`oyalarga undadi. Misol uchun, tumanimiz yoshlari orasida ishsizlik muammosi bor. Bugun kasb-hunar kollejlarini bitirayotgan yoshlar, sir emaski, faqat qog`ozdagina «ishini topyapti», amalda esa aksincha. Qachongacha hisobot uchun yashaymiz? Yoshlarimizni ish bilan ta`minlashga astoydil harakat qilmasak, kelajakni kimga ishonib qoldiramiz? Buni hal qilish uchun eng avvalo, mahallada o`quv markazi ochish niyatim bor. U erda qizlar ham, yigitlar ham hunar o`rganadi, unib-o`sadi.
Bu hali hammasi emas. Yana bir masala bor. Yosh kelin-kuyovlarning ajralishi muammosi. Ularga tushuntirish kerak, turmush o`yinchoq emasligini, baxtga sabr-qanoat, intilish ortidan erilishini. Hozir ajralishlarga ko`proq nima sabab bo`lyapti? Moddiy etishmovchilik. Xo`sh, moddiy etishmovchilikdan qanday qutulish mumkin? Har bir odam ayolmi, u, erkakmi, izlanishi kerak, o`zining qiziqishidan kelib chiqib, qobiliyatini ishga solishi kerak. Ayol kishiman, erim boqsin, deb uyda ro`zg`ordan ortmay o`tirgan bilan ish bitmaydi. Ha, desangiz, erim pul topmaydi, qiynalib ketdim, deya ko`z yosh to`kishadi, kelinlar. Biz-chi, deb o`ylab qolaman, biz qiynalmaganmidik? Yosh bolali paytimizda erimiz gazetada musahhihlik qilib topgan puliga qanoat qilmaganmidik? Unga tirgak bo`lishga, ro`zg`orning kemtigini yamashga tirishmaganmidik? Tuni bilan bola qarab, kunduzi u uxlagan payt tanish-bilishning buyurtmasini olib, pishiriq tayyorlamaganmidik? Yoshlarimizga ana shularni aytgim keladi. Ular uchun mahorat darslari, treningu suhbatlar o`tqazib, bu hayotdan olgan ozmi-ko`pmi xulosalarim bilan adashgan yigit-qizlarni to`g`ri yo`lga solsam, deyman.
Inson qiyinchiliklarni engib o`tgandagina o`sadi, shaxs sifatida rivojlanadi, o`zini topadi. Aks holda o`rnidan jilmay o`tiraverishi aniq. Jahon tanigan biznes-murabbiy, motivator Jim Ronning mana bu fikriga doim amal qilaman: «Ko`proq o`zimizga ishonishimiz kerak. Ishonch kamaygan paytda esa ishimiz ortga ketgan, tanazzulga yuz tutishimiz mumkin bo`lgan vaziyatni tasavvur qilishimiz kerak. Bu mushkul muammodan qanday chiqib ketish haqida o`ylamoq lozim. Ana shunda maqsad sari qat`iy intiladigan, o`ziga ishongan, kuchli tadbirkorga aylanib boramiz».
Rishtonlik bir yigit haqida eshitdim. Aytishlaricha, shu yigit bozorda pech sotar ekan. Rastasining yonginasida kutubxona ochibdi! Qarang, bozorda kutubxona bo`lsa-ya! Yana bu kitoblarni yig`ishi uchun unga ijtimoiy tarmoqdagi do`stlari yordam berishibdi. Mana, sizga ibrat, mana sizga kitobxonlikning amaliy targ`iboti! Rosti, shu yigitning tashabbuskorligi juda yoqdi, menga, ibrat oldim, undan. Tez orada do`konimiz yoniga kitoblar keltirib qo`ymoqchimiz. Shirinlik xarid qilish uchun kelgan har bir mijoz kitobga ko`zi tushsa, o`qiyman, deb olsa, yoshlarimiz kitobni tanib, virtual olamdagi maza-bemaza «hayot» ning farqiga borar darajada bilimga ega bo`lsa, qanday yaxshi!
Kelin qizimga qarasam, o`zimning yoshlik yillarim esimga tushadi. Ming bor shukur, u xuddi o`zimdek pazanda, mehnatkash, epli ayol chiqdi. Buvining tarbiyasini olganligi shundoq sezilib turadi. U keldiyu uyimizga yanada fayz kirdi. O`zimiz shirinliklar dunyosida bo`lsak ham dasturxonimizga har kuni qandaydir antiqa pishiriq tortiladi. Saranjom-sarishtalik, pishir-kuydirga hech erinmaydi, baraka topgur! Institutda o`qishga ham, uy yumushlarini tindirishga ham, yana sexga kelib qarashishga ham ulguradi. Bu qiz mening oilam, biznesim kelajagidan ko`nglim to`q bo`lishiga eng katta sabablardan biri! U munosib davomchi bo`la olishiga ishonaman!
Odamlar yordam so`ragudek bo`lsa... Bu haqda gapirish maqtanish bilan barobar. Xalqimizda o`ng qo`ling berganni chapi bilmasin, degan ibora bor. To`g`ri gap. Yaxshilik qilsak, bamisoli qumga singgandek kishi bilmas bo`lsin va kimgadir yordam qo`lini uzatsak, bundan o`zimiz shod bo`laylik, ko`nglimiz tog`dek ko`tarilsin. Menimcha, shuning o`zi etarli...
Ruhiy ko`tarinkilik – mana ayolga eng keraklisi. Hech qachon ruhingizni tushirmang, o`zingizga ishonch hissini yo`qotmang. Men u erishgan darajaga eta olmayman, baribir, degan tushkun o`ydan voz kechish kerak. Chunki har bir kishining o`ziga yarasha noyob qobiliyati bo`ladi. Uni topsangiz, qiziqishingizdan kelib chiqib, o`zingizga yoqqan ish bilan shug`ullansangiz, bas, omad kulib boqaveradi. Ishoning, bu balandparvoz gap emas, hayot sinovlarida toblangan haqiqat!

Muborak Anvar qizi
yozib oldi.






