AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev: Bu erda haqiqiy iste`dodlar tarbiyalanadi

'Shavkat Mirziyoev: Bu erda haqiqiy iste`dodlar tarbiyalanadi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi. Qalblarni g`ururga to`ldiruvchi, yuraklarni hayajonga solguvchi mamlakatning bosh qo`shig`i. Uni har safar tinglaganimizda ko`nglimizni shu yurtning farzandi ekanlikdan faxrlanish tuyg`ulari qamrab oladi.

Shu hayajonni o`zining iste`dodi bilan dillarga singdirgan, Ona Vatanga muhabbatning so`zlar orqali ifodasini topgan O`zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov she`rlari kirib bormagan xonadon yo`q.

2017 yil fevral oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog`ida Qarshi shahrida Abdulla Oripov haykalini yaratish loyihasi bilan tanishar ekan, loyihani takomillashtirish, bu erda Abdulla Oripov nomidagi maktab va uning ijodiga bag`ishlangan muzey tashkil etish zarurligini ta`kidlagan edi.

Oradan qariyb bir yil o`tdi. 29 yanvar kuni davlatimiz rahbari mazkur loyiha ijrosi bilan tanishdi.

Takomillashtirilgan loyiha asosida bu erda O`zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati barpo etildi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 maydagi «Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish to`g`risida»gi qarori asosida bunyod etilgan ilm dargohi oldida Qahramon shoirimizning haykali qad rostladi. Haykal orqasidagi devorga shoirning she`rlaridan namunalar bitildi.

Maktabning birinchi qavatida Abdulla Oripov muzeyi tashkil etildi. Muzeyga shoirning buyumlari, unga qilingan turli sovg`alar joylashtirildi.

Maktab 150 o`ringa mo`ljallangan bo`lib, 50 o`rinli yotoqxona, 50 o`rinli oshxona, 200 o`rinli faollar zaliga ega. Maktabga o`quvchilar beshinchi sinfdan tanlov asosida qabul qilinadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev maktab faoliyati bilan tanishdi. Muzey, o`quv xonalarida bo`ldi, maktab o`quvchilari bilan suhbatlashdi.

Maktab o`quvchilari Ibroyim Yusupov, Muhammad Yusuf, Xamid Olimjon va Zulfiya nomidagi maktablar o`quvchilari bilan onlayn bog`lanib, mushoira o`tkazdi.

O`quvchilar Abdulla Oripov she`rlari va o`zlari yozgan sherlardan namunalar o`qib berdi.

Davlatimiz rahbari ularga Abdulla Oripovdek buyuk shoir nomiga munosib farzandlar bo`lib kamol topish, o`z iste`dodlari bilan jahonga mashxur insonlar bo`lib etishish tilaklarini bildirdi.

Prezidentimiz bir guruh o`quvchilarga sovg`alar topshirdi.

    Boshqa yangiliklar