Yangi yil bayrami arafasida bir guruh hamkasblar bilan mehribonlik uylaridan biriga bordik. Tarbiyachi opa bizni bolalar xonasiga boshladi. Eshikni ochib kirishimiz bilan o`nlarcha beg`ubor ko`zlar bizga qadaldi. Beg`ubor deymizu ularda ma`yuslik bor edi...
Shu payt kutilmagan voqea yuz berdi. Besh yoshlardagi qizaloq chopib keldi-da, hamkasblarimdan birini quchoqlab oldi.
– Dadajon, nega bu safar kechikdingiz...
Ma`lum bo`lishicha, qizchaning ota-onasi tirik, ajrashgan. Otasi ba`zan xabar olib turar ekan.
– So`nggi bor bir yilcha avval kelgandi. Sizni dadasiga o`xshatdi, shekilli. Ma`zur tuting, – dedi tarbiyachi opa.
Tushdan so`ng bolalar uchun bayram uyushtirildi. Barchasi chiroyli kiyimlar kiyib olgan. Tarbiyachilar ham mehribon, kasbining fidoyilari ekaniga guvoh bo`ldik. Ammo hech narsa oila muhitini, ona mehrini bera olmaydi-ku.
Ota-ona mehridan mosuvo go`daklar nigohiga boqib, o`yga toldim.
Otam o`tgan asrning 30-yillarini achchiq armon bilan eslaydi. Bobomiz quloq qilingach, ro`zg`or zahmati endigina 8 yoshga qadam qo`ygan bolaning ham zimmasiga tushadi. Oradan ko`p o`tmay, onasi ham vafot etib, etim qoladi. Qo`ni-qo`shnilar kengashib, etimxonaga topshirishadi. Otam o`sha mash`um yillarni ko`p xotirlaydi. O`zi bilan etimxonada birga tarbiyalangan do`st-birodarlarini tez-tez yodga oladi.
Meni bir savol qiynaydi, ular-ku, qismat sabab shu og`ir kechmishni boshdan kechirishdi. Ammo ota-onasi bo`la turib, etimlikka mahkum bo`layotgan go`daklarda nima ayb?!
Toshkentga kiraverishda bir haykal bor. Temirchi usta Shomahkam Shorasulov o`n to`rt bola qurshovida tasvirlangan. Men uni chin insoniylik, mehr-muruvvatga qo`yilgan obida, degim keladi.
Do`stlarimdan biri tadbirkor. Boltiq, Kavkaz, Bolqon davlatlarida ham hamkorlari bor. Uning aytishicha, o`sha tomonlarda ham o`zbek xalqining bolajon ekani, bolani suygan millat yolg`on so`zlamasligi, tijoratda ham pand bermasligini tez-tez ta`kidlashar ekan.
Biz qanday xalqmiz o`zi? Kechagina, urush yillarida etim qolgan yuz minglab o`zga millat farzandlarini bag`riga olgan xalq! Oramizda ota-onasi tirik bo`la turib, etimlik asoratiga solingan go`daklar bo`lishi bizga yarashmaydi.
Tolib JO`RAEV,
Jomboy qishloq xo`jalik kasb-hunar kolleji o`qituvchisi.






