O`zbekiston IIV matbuot xizmati joriy yilning 9 fevral kuni internet tarmog`ida farg`onalik besh yoshli qizchaning o`limi to`g`risida «Ehtiyot bo`ling! O`zbekistonda bolalarning organlarini o`g`irlab ketayotgan jinoiy guruh paydo bo`ldi» («Ostorojno! Uzbekistane poyavilas novaya banda, voruyushaya detey na organ») mazmundagi tarqalgan xabar asossiz ekanligini ma`lum qildi.
«O`zbekiston Respublikasi hududida yosh bolalarni o`g`rilayotgan jinoiy guruhlar yo`qligi, farg`onalik qizchaning esa barcha ichki a`zolari mavjud bo`lib, olib qo`yish yoki transplantasiya holatlari aniqlanmagan», — deyiladi xabarda.
Hozirda qizchaning o`limi bilan bog`liq holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda. Respublika hududida sodir etilayotgan jinoyatlar va hodisalar haqidagi haqqoniy va to`liq ma`lumotlar bilan faqat Ichki ishlar vazirligining veb-saytida va Telegram kanalida tanishish mumkin.






