Samarqandlik Nuriddin Qirg`izov Moskva viloyatining Pushkin tumani Sofrino qishlog`i yaqinida yong`in ichida qolgan uyni ko`rib, uy ichidagi keksa ayolni qutqaraman deb, jarohatlanib, Pushkin shahridagi shifoxonaning reanimasion bo`limida sun`iy ventilyasiya (shamollatish) yordamida davolanayotgani haqida xabar bergan edik.
Moskva shahridagi O`zbekiston elchixonasining xabariga ko`ra, 1976 yil 7 noyabrda Samarqandda tug`ilgan Nuriddin Qirg`izov hozir shifoxonaning reanimasiya bo`limidan travmatologiya bo`limiga o`tkazilgan. TIV axborot xizmatining xabariga ko`ra, elchixona xodimi uning holidan xabar olgani borgan.
Pushkin shahri ma`muriyatining xabar berishicha, O`zbekiston fuqarosi Nuriddin Qirg`izov qahramonlik ko`rsatib, Rossiya fuqarosini yong`indan saqlab qolgani uchun medalga tavsiya etilgan.