AsosiyJamiyat

Tut bargidan choy tayyorlash loyihasi Prezidentimiz e`tiborini tortdi

'Tut bargidan choy tayyorlash loyihasi Prezidentimiz e`tiborini tortdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Buxoro viloyatiga tashrifi davomida qishloq xo`jaligini rivojlantirishga qaratilgan, istiqbolli maqsadlarni o`zida aks yangi loyihalar taqdim etildi.

Loyiha tashabbuskorlari o`z rejalari haqida batafsil so`zladi. O`z navbatida, davlatimiz rahbari ularni qiynayotgan muammolar bilan qiziqdi.

G`ijduvon tumanida tut bargidan choy tayyorlash loyihasi Prezidentimiz e`tiborini tortdi. Bunday choyning afzalliklari unda kofein va tanin moddasi yo`qligidadir.

– Bu eng samarali ishlab chiqarish loyihasi bo`ladi, – dedi Shavkat Mirziyoev. – Sababi, uning noyobligi va inson salomatligi uchun g`oyat foydaliligidir.

Loyiha bo`yicha ishlar boshlab yuborilgan. Mahsulot 2019 yildan eksportga chiqarilishi mo`ljallanmoqda.

Shuningdek, sistanxe va isiriq etishtirishga alohida e`tibor berilgani viloyatda o`ziga xos yangilik bo`ldi. Sistanxe ildizi dorivor hisoblanib, xavfli o`sma kasalliklarining oldini oladi. Shamollashga qarshi, immunitetni oshiruvchi xususiyatga ega. Yaponiyalik olimlarning ta`kidlashicha, bu o`simlik jenshendan besh barobar samarali hisoblanadi. Hozirgi vaqtda Qozog`iston Markaziy Osiyoda bu o`simlikni eksport qiluvchi yagona davlat bo`lib, yiliga 100-150 tonnagacha xorijga sotadi. Yangi loyihada mazkur o`simlikni etishtirish va qayta ishlash ko`zda tutilgan. 3 ming gektar erda shunday o`simlik etishtirish 400 kishining bandligini ta`minlaydi.

    Boshqa yangiliklar