Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining ekspertlar kengashi faoliyatiga bag`ishlangan matbuot anjumani boshlandi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Videomuloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, olimlar, ishbilarmonlar, xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari, ekspertlar, yoshlar, xorijlik yurtdoshlarimiz ishtirok etmoqda.
“Buyuk kelajak” tashkiloti O`zbekistonda tug`ilib, turli sabablarga ko`ra xorijda yashayotgan, tahsil olayotgan va mehnat faoliyati bilan shug`ullanayotgan yurtdoshlarimiz tomonidan tashkil etilib, joriy yil aprel oyida O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida xalqaro nodavlat notijorat tashkilot sifatida ro`yxatdan o`tkazilgan.
Mazkur tuzilma yurt rivoji uchun o`z hissasini qo`shishni maqsad qilgan, o`z innovasion g`oyalarini mamlakatimiz sanoati va ishlab chiqarishi, shuningdek, ilmiy sohasida tatbiq etishni maqsad qilgan chet ellarda yashayotgan vatanparvar yurtdoshlarimizni o`z atrofiga birlashtiradi.
Tadbirda “Buyuk kelajak” tashkiloti qoshidagi ekspertlar kengashi faoliyatini professional darajada shakllantirish, xalqaro konsalting kompaniyalari ishtirokida O`zbekistonning 2035 yilgacha bo`lgan uzoq muddatli rivojlanish modelini ishlab chiqishdagi asosiy yo`nalishlarni muhokama qilish, kengash a`zolaridan iborat iqtisodiyot, davlat boshqaruvi va ijtimoiy soha yo`nalishida ishchi guruhlarini tuzish masalalari haqida so`z yuritilmoqda.
Mazkur mavzular bo`yicha “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burhonov, “Buyuk kelajak” tashkiloti ekspertlar kengashi raisi A.Kalanov, a`zolar – S.Shodiev, B.Ismoilov hamda dunyoning turli mintaqalaridan videomuloqot tarzida ishtirok etayotgan vatandoshlarimiz ma`ruzalar qilmoqda.






