Toshkent zamonaviy ko`rinishga keltirilib, poytaxtning tarixiy ko`chalari, obidalari buzilib ketayotgani haqida O`zA muxbiri Shayxontohur tuman rahbari bilan suhbatda bo`ldi.
“Tarixiy ob`ektlar buzilmaydi, misol uchun eng zamonaviy loyihalardan bo`lgan “Toshkent siti”ning qoq markazida xalq orasida “Eshonzodalar sag`anasi” nomi bilan mashhur bo`lgan qabrlar bor. Ana shu joy ham saqlanib qolinadi. Toshkent yirik megapolisga aylanib borayotgan bo`lsa-da, shaharning tarixiy namunalarini, baribir saqlanib qolaveradi”, - dedi Bahodir G`oyibnazarov

Ma`lumotlarga ko`ra, sag`analarning biri Xoji Ahmad ibn Mir Ali Shoshiy Qoratoshiy qabri hisoblanadi. U xalq orasida “Qora salla Eshon” taxallusi bilan mashhur bo`lgan. Hozirda “Toshkent siti” yaqinidagi mahalla va ko`cha nomi ham aynan uning nomi bilan “Qoratosh” deb ataladi.


Qoratoshiy haqida qisqacha ma`lumot: Xoji Ahmad ibn Mir Ali Shoshiy Qoratoshiy 1788-1889 yillarda yashagan. Xalq orasida “Ahmad Ma`dum” nomi bilan mashhur bo`lgan. “Ahmad Ma`dum” tomonidan Jizzax, Zomin shahri, O`ratepa shahar (Tojikiston Respublikasi) va Shayxontohur tumanida jami 4 ta masjid qurilgan. Ushbu shaxs islomiy risolalar va she`rlar yozgan. “Ahmad Shoshiy – Qoratoshiy”, deb imzo chekkan. U Bahouddin Naqshband tariqati davomchisi bo`lib, o`nlab shogirdlar etkazgan. Ulardan biri Obidxon Mahdum sanaladi.
“Eshonzodalar sag`anasi”da 60 ga yaqin shaxs dafn qilingan. Ushbu hudud 33 sotixga yaqin bo`lib, unda “Sugul” masjidi va hammom bo`lgan. Afsuski, masjid va hammom 1986 yilda buzib tashlangan. Keyinchalik Toshkent shahri hokimining 2007 yil 2 avgustdagi qaroriga ko`ra “Sugul” masjidi va Eshonzodalar 4 ta sag`anasi nomi bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyati Madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish davlat inspeksiyasiga o`tkazilgan. “Eshonzodalar sag`anasini” “Olmazor” ko`chasi buzilishidan oldin mutasaddilar saqlab qolish, madaniy yodgorlik sifatida atrofi o`rab, tartibga keltirish rejasini ishlab chiqishgan.
Hozirda, sag`analarga zarar etmasligi uchun bu joy temir to`siqlar bilan o`ralib, atrofida “Toshkent siti”ning qurilishi davom etmoqda.






