Adliya vazirligi huzurida Jamoatchilik kengashi ish boshladi. Ushbu kengash Prezidentining “O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga asosan tuzildi.
Jamoatchilik kengashining tarkibiga vazirlik xodimlari, faxriylari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining vakillari kiritildi. Kengash Adliya vazirligi huzuridagi maslahat organi sifatida jamoatchilik asosida ishlaydi.
Mazkur kengash yordamida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlik rivojlantiriladi, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari yuzasidan jamoatchilik fikri tizimli o`rganiladi va tahlil qilib boriladi.
Shuningdek, mazkur kengash Adliya vazirligida sog`lom ma`naviy-ruhiy holatni, qonuniylik, yuqori huquqiy madaniyat va axloqiylikni ta`minlash borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqishni o`z oldiga maqsad qilib olgan.
Ma`lumki, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta`minlash mamlakatni boshqarish tizimini demokratlashtirishning muhim mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda, yangi tuzilgan Jamoatchilik kengashi Adliya vazirligi faoliyatining ochiqligini ta`minlash bo`yicha monitoringlar olib boradi.
Qolaversa ushbu kengash fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Adliya vazirligi faoliyati bilan bog`liq tashabbus va murojaatlarni ko`rib chiqishda ishtirok etadi va natijalar bo`yicha tegishli takliflar tayyorlab boradi.
E`tibor qaratish lozim bo`lgan muhim jihatlaridan yana biri, mazkur kengash vazirlik faoliyatiga taalluqli, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligini tahlil qiladi hamda yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha takliflar ishlab chiqadi.
Adliya vazirligi faoliyatiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek ichki idoraviy hujjatlarni takomillashtirish, ulardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha takliflarni ishlab chiqish va muhokama qilish ham Jamoatchilik kengashi funksiyalaridan biri hisoblanadi.
Albatta, kengash tomonidan vazirlik faoliyatini isloh qilish bo`yicha mamlakat hududida va xorijda amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida muntazam ravishda jamoatchilikni keng xabardor qilish ta`minlanadi.
Bir so`z bilan aytganda, Adliya vazirligi huzuridagi ushbu kengash fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan ochiq muloqotni rivojlantirishga qaratilgan.






