Olmaota Tadbirkorlar palatasi kengashi tomonidan Olmaota – Toshkent trassasidagi noqonuniy nazorat punktlarini bartaraf etish masalasi ko`rib chiqildidi.
Qayd etilishicha, kengashda palataning ma`muriy to`siqlarni kamaytirish bo`yicha eksperti Doston To`rakeldin “Sayran” avtovokzalining murojaatini o`qib eshittirgan. Murojaatda joriy yilning yanvar oyidan buyon Olmaota – Jambil yo`nalishining janubiy qatnovlarida uzilishlar yuzaga kelgani, bunga sabab qilib noma`lum shaxslar tomonidan Olmaota viloyatining Qorasoy tumanidagi “Ushkonir” avtostansiyasida avtobuslar uchun pullik turargoh tashkil qilingani ko`rsatilgan. Ma`lum bo`lishicha, avtobus haydovchilari qo`rqitish va tahdid yo`llari bilan ushbu noqonuniy turargohda to`xtab o`tishga majbur qilib kelingan.
2018 yilning 12 aprelidan Olmaota – Toshkent yo`nalishida avtobus qatnovi yo`lga qo`yilgan edi. Palata kengashida Ushkonirdagi holat mazkur yo`nalishda qatnaydigan avtobus haydovchilariga ham dahl qilganini Olmata viloyati ichki ishlar departamenti boshlig`i o`rinbosari, polkovnik Nurlan Almasbekov tasdiqlagan.
Uning bildirishicha, joriy yilning 19 aprelida shaxsan o`zi Ushkonirga borib, vaziyatni o`rgangan. Hozirda mavjud dalillar asosida jinoiy ish ochilgan bo`lib, ishga aloqadar materiallar Ettisuv transport prokuraturasi, Olmaota yo`lovchi transporti va avtoyo`llar, Qorasoy tuman ichki ishlar boshqarmalarida o`rganilmoqda.






