Davlat bojxona qo`mitasining «Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida navbatdagi bojxona qoidabuzarligi aniqlandi.
Joriy yilning 11 may kuni “Singapur - Kuala Lumpur - Toshkent” yo`nalishi bo`yicha uchib kelgan yo`lovchilarning bagajlarida kutilmagan umumiylik bor edi. Qarang-ki, bir emas, ikki emas, naqd 19 nafar yo`lovchi o`zi bilan aynan bir xil rusumdagi “Sanon” rusumli printerlarni olib kelishadi.

Ayni shu jihat bojxonachilarning diqqatini tortdi va yo`lovchilarning keyingi xatti-harakatlari kuzatuvga olindi. Aeroport avtoturargohida esa shubhalar o`z tasdig`ini topdi.
Yo`lovchilardan biri, fuqaro H. Sh. yo`lovchilar tomonidan bojxona nazoratidan belgilangan tartibda olib o`tilgan taxminiy qiymati 48 mln. so`mlik 19 dona “Sanon” rusumli printerlar va 1 dona elektr plitasini aeroport avtoturargohida yig`ib olib, “Spark” rusumli avtomashinaga yuklab olib ketayotgan vaqtida to`xtatib qolindi
Tezkor tadbir davomida ma`lum bo`lishicha, ushbu tovar-moddiy boyliklar tijorat maqsadida olib kelinganligi aniqlandi. Hozirda ushbu holat yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.






