Orol dengizi... Esimni tanibmanki, uning qurib borayotgani, dengiz o`rnini poyonsiz sahro egallayotgani, hududdagi vaziyat izdan chiqayotgani haqida eshitaman. Bu haqdagi juda ko`p maqolalar o`qiganman, ko`rsatuvlar, filmlar ko`rganman. Dunyo hamjamiyati bu haqida o`n yillardan beri bong urayotgan bo`lsa-da, bu olamshumul fojiani to`xtatib qolishning imkoni bo`lmayapti.
Anchadan beri ana shu voqelikni o`z ko`zim bilan ko`rish, bu haqda yozish istagida edim. Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi Evropa Ittifoqi moliyaviy ko`magida, O`zbekiston Respublikasi Suv xo`jaligi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan suv bo`yicha savodxonlikni oshirishga qaratilgan #UzWaterAware loyihasi doirasida tashkil etgan precs-tur ana shu orzuning amalga oshuvi uchun yo`l ochdi.
Vatanimizning shimoliy darvozasi
Qoraqalpog`iston Respublikasi markazi Nukus shahrini gohida ana shunday atashadi. Sahro bag`ridagi javohir misol o`z jozibasini ko`z-ko`z qilayotgan bu shahar bizni sokin va xotirjam qarshi oldi.
Nukus xalqaro aeroportida qurilish ishlari avjida. Tez orada aeroport yangi qiyofada mehmonlar va sayyohlarni qarshi olsa ajab emas. Shu bois, hozircha biz yo`lovchilar uchun ajratilgan vaqtinchalik yo`lakdan shaharga chiqdik. Jurnalistlar jamoasi joy olgan avtobus aeroportdan uncha uzoq bo`lmagan mehmonxona tomon yo`l oldi.
Qoraqalpoq milliy an`analari asosida bunyod etilgan mehmonxonada barcha sharoitlar muhayyo. Mehmonxona hududidagi o`tov ham har qanday sayyohning diqqatini o`ziga tortadi.
Nukus har doim ko`zimga boshqacha ko`rinadi. Ayniqsa, tungi Nukus ko`chalarida kezishning gashti boshqacha. Ortiqcha shovqin, tirbandlikni ko`rmaysiz. Charog`on ko`chalar yoqalab navqiron shahar boy bo`y-bastini o`z jamolini ko`z-ko`z etadi.
Jo`qorg`i Kenges, Vazirlar kengashi binolari, “Sahrodagi Luvr” nomini olgan Saviskiy muzeyi, Qoraqadlpoq davlat drama teatri, o`zgacha salobat ila ko`zga tashlanadi.
Sahro tomon yo`l
Ertalab mehmonxonadan chiqqanimizda jurnalistlar uchun ajratilgan 12 ta “Jip” mashinasi qator tizilib turardi. Bizga avvaldan aytishgan: yo`l juda uzoq, mashaqqatli, hatto xatardan ham xoli emas. Chunki yo`limizning katta qismi sahro bag`ridan o`tadi. Bu yo`llarda uncha-muncha mashinalar tob berolmaydi. Har bir mashina uch nafardan yo`lovchi uchun mo`ljallangan.
Mana, nihoyat Qoraqalpog`istonning bosh kentidan chiqdik. Oldimizda esa, poyonsiz kengliklar. Haydovchimiz Oybergen aka o`ta kamgap, kamsuqum, xokisorligi bilan ajralib turadi. Lekin nimanidir so`rasak, bosiqlik bilan tushuntirib berishdan charchamaydi.
Ilgari Qoraqalpog`iston haqida, Orolbo`yidagi vaziyat haqida juda ko`p o`qiganim, eshitganim bois, tasavvurimda bu hudud faqat qumdan iborat, sharoit o`ta darajada og`ir deb o`ylardim.
Rost, Orolning qurishi hudud ekotizimiga jiddiy ta`sir o`tkazgan. Bundan yarim asr muqaddam to`lib toshgan asov dengiz dunyo jo`g`rofiy xaritasida yil sayin kichrayib borayotir. Sovet davrida sug`oriladigan erlarning ko`paytirilishi, sun`iy suv inshootlarining ko`paytirilishi, paxta yakkaxokimligi, tabiiy resurslardan noto`g`ri foydalanish singari nomlar bilan ataladigan sabablar kattalik bo`yicha Er yuzida to`rtinchi o`rinda turgan ko`lni quritdi. Sohil yuzlab chaqirim ortga chekindi. Dengiz akvatoriyasi o`nlab baravar qisqardi. Orol dengizi o`rnida bugun bir nechta kichkina ko`llar qolgan xolos...
Ammo, Orolbo`yining o`ziga xos tabiati, dashtning o`zgacha havosi, go`zal manzaralaridan hali ham bahramand olsa bo`ladi. Ma`lumotlarga ko`ra, Orolbo`yidagi qirqqa yaqin o`simliklar dunyoning boshqa mintaqalarida o`smaydi, ulardan farmasevtikadan faol foydalaniladi. Bugun ushbu o`simliklarni ko`paytirish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish borasda sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ustyurt – sir-sinoatlar makoni
Mamlakatimizda maydoni bo`yicha eng katta– Qo`ng`irot tumanidan ketib boryapmiz. Uning hududi 50 ming kvadrat-kilometrdan ortiqroq. To`g`rirog`i O`zbekistonning 12 foiz er maydonini egallaydi.
Bu erda bizni Qo`ng`irot tumani hokim o`rinbosari Baxtiyor Kamolov qarshi oldi. Hududda qilinayotgan ishlar, yangi ish o`rinlari yaratish, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni bartaraf etish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar xususida so`zlab berdi.
Yaqinda tumanda barpo etilgan Qo`ng`irot soda zavodini bejiz “Asr mo``jizasi” deb atashmagan. Mamlakatimiz shimoli-g`arbiy qismidagi Ustyurt platosining katta qismi ham aynan tuman hududiga kiradi.
Ustyurt! Moziyning million yillik sir-sinoatlarini o`z bag`rida yashirgan bepoyon kengliklar! Mag`ribdan Mashriqqa, Shimoldan Janubga qarab esayotgan tinim bilmas shamollar! Sayyoramizning eng ajabtovur, eng sirli go`shalaridan biri...
Ustyurtning Qoraqalpog`istonga tegishli qismi 70 ming kvadrat kilometrdan ziyodroq maydonni tashkil qiladi. Ilmiy manbalarda bundan million yillar muqaddam Ustyurt zaminida ummon mavjud bo`lganligi aytiladi. Qo`ng`irot tumanidan Ustyurt platosiga ko`tariladigan tik jarliklar yuzasida qachonlardir sohilini yuvib turgan dengiz to`lqinlari izlari yaqqol ko`zga tashlanadi. Ustyurt pasttekisligi atrofini qurshagan tekislikdan yuksakka ko`tarilib, “Chink” deb nomlanuvchi jarliklar bilan ixotalangan. Qolaversa, Ustyurtning tuproq qatlami yupqa yopishqoq jinsdan tashkil topgan bo`lib, quyi qismi esa tosh qotgan dengiz cho`kmasidan iborat.
Uzoq o`tmishda “Buyuk ipak yo`li”ning muhim tarmoqlaridan biri ham aynan Ustyurt tekisligidan o`tgan. Qaravimbet tuz koni etagidagi tepalikda joylashgan Alan qal`asi xarobalari va Beliuli karvonsaroyining bugungi kungacha saqlanib qolgan hashamatli darvozasi qoldiqlari ham bu fikrni isbotlaydi.
Ustyurt chinklarini yoqalab yurgan yo`lovchi har bir qadamda tepalikka qo`yilgan ko`chmanchilar qabristonlariga duch keladi. Ularda marhumlarga qo`yilgan qulfitoshlar, toshga bitilgan tamg`alar bizgacha etib kelgan. Inson qadami etishi biroz mushkul bo`lgani bois, bu obidalarning aksariyati hanuzgacha to`la tadqiq qilinmagan.
Nayzasimon inshootlar siri
Bu ko`hna makonning bir necha o`n yillardan beri ilm ahlini o`yga toldirib kelayotgan jumboqlaridan biri “nayzasimon inshootlari”dir. Gap shundaki, kimsasiz sahro bag`ridagi o`yiqlarni yaqindan ko`rib, unda hech qanday sirli belgi topa olmassiz. Ammo, qush parvozi balandligidan qaralganda azaliy qumliklar bag`rida ulkan nayzalarning o`yma tasviri ko`z oldingizda namoyon bo`ladi. Olimlar tomonidan turli taxminlar, farazlar bildirilmoqda. Ammo, haqiqat ularning qay birida yashiringanini aniqlash mushkul.
O`tgan asrning 70-80 yillarida bu nayzasimon ob`ektlar dunyo miqyosida ko`plab olimlar va ommaviy axborot vositalari e`tiborini jalb qildi. Ba`zi jurnalistlar va tadqiqotchilar bu nayzasimon inshootlarni «o`zga sayyoraliklar tomonidan qurilgan» degan taxminlarni ham bildirgan.
Qoraqalpoq olimi Xojahmad Esberganov fikricha, ichimlik suvi taqchil bo`lgan Ustyurt hududida yomg`ir va qor suvlarini yig`ish uchun ko`chmanchi qabilalar shunday qazilmalarni bunyod etishgan.
— Aslida bir paytda bu erlarda sarmatlar, massagetlar, o`g`uzlar, qipchoqlar singari ko`plab ko`chmanchi qabilalar yashagan, - deydi bizga hamrohlik qilgan taniqli olim, tarix fanlari nomzodi Oktyabr Dospanov. – Ajdodlarimiz yovvoyi hayvonlarni ovlash uchun cho`l bag`ridagi ana shunday g`alati inshootlarni qurishgan. Bir paytlar ancha chuqur bo`lgan bu yo`laklardan jonivorlar ta`qib qilingan va qochaman deb, “o`q” uchidagi tuzoqqa ilingan.
Urga – Borliq va yo`qlik oralig`ida
Ustyurt bag`ridagi eng ko`hna va sirli maskanlardan biri bu Urga shaharchasi xarobalaridir. Nukusdan 200 kilometr uzoqda, sahro bag`rida bahaybat tepaliklar panasida eski xarobalarga duch kelasiz. Bir paytlarda bu erda mo``jazgina Urga shaharchasi bo`lgan.
Ba`zi qarashlarga ko`ra, bu erda ming yillar muqaddam ham aholi manzilgohlari bo`lgan. Massagetlar bu erda dengiz bo`yida qamishdan boshpana tiklab, baliqchilik qilib kun kechirishgan. Lekin bugun dengiz bu hududdan o`nlab chaqirim olislab ketgan.
Bundan ikki asr muqadam bu erga Chor Rossiyasidan eski e`tiqodiga ko`ra quvg`in qilingan staroverlar ham yashashgan. Boshqa bir ma`lumotga ko`ra, 1773 yildagi Pugachyov qo`zg`olonidan so`ng bir guruh kazaklar Chor hukumati tomonidan shu erga surgan qilingan. Ular ko`l sohilida bir umr baliqchilik qilib kun kechirishgan.
Urga posyolkasi yaqinida staroverlarning eski qabristoni bor. Ortiqcha hoyu hashamdan xoli bo`lgan eski qabrlar o`z qarashlari uchun quvg`inga uchragan, ammo aqidasidan mustahkam turgan nasroniylar kechmishining rad etilmas yodgori o`laroq mung`ayib turadi. Qabristondan sal narida baliqchilik korxonasining eski devorlari ko`zga tashlanadi. Uning ro`parasida esa, suvi sayozlanib qolgan Sudoche ko`li. Bir paytlar rus baliqchilari sudak balig`i mo`l bo`lgani uchun ko`lga shunday nom berishgan ekan. Sudoche ko`li vaqtida ancha yirik bo`lgan. Orol dengizi bilan tutashib ketgan ko`lda xilma-xil baliqlar suzib yurgan. Endilikda ancha sayozlashib qolgan ko`l sohili qamish va sohilbo`yi o`tlari bilan qoplangan.
Ko`l qirg`og`ida ancha unniqib qolgan qayiqlarni ko`rish mumkin. Baliq ovlash mavsumida bu erga tashrif buyuradigan kishilar hanuz ulardan foydalanishadi. Vaqtida ko`lda baliqchilarning butun boshli flotiliyasi faoliyat ko`rsatgan.
Bir muddat tin olish uchun shu erda to`xtab o`tamiz. Tashlandiq shahar ko`chalari bo`ylab kezamiz. Nuragan devorlar, beton parchalari, allaqachon muddatini o`tab bo`lgan uy-ro`zg`or buyumlari, karavot suyanchiqlari...
Ta`zimga loyiq odamlar
Gohida shaharlagi arzimas muammolar – gaz, suv yoki elektr ta`minotidagi qisqa uzilishlar ta`bimizni xira qiladi. Nolishga tushamiz. Ammo, Orolbo`yining chekka hududlarida, taraqqiyotdan olis joylarda istiqomat qilayotgan hamyurtlarimizni ko`rib, ana shu “noshukurligimiz” esga tushadi.
Sovet davrida “Komsomolsk na Ustyurte” deb atalgan posyolkadamiz. Bir paytlar bu hududd sobiq ittifoq uchun muhim strategik ob`ekt sanalgan. Shu bois sahro bag`rida alohida aerodrom barpo etilgan. Undan Nukusga, Qo`ng`irotga kichik samolyotlar qatnovi yo`lga qo`yilgan. Ammo, negadir o`sha paytlarda posyolkani tashqi dunyo bilan bog`lovchi yo`l qurishni “unutishgan” ko`rinadi.
Bu hududda kichik shaharcha ham qurilgan bo`lib, u erda hozir ham 200 ga yaqin oila istiqomat qiladi. Sharoitning og`irligi sabab ko`pchilik bu erdan boshqa shaharlarga ko`chib ketgan. (O`tgan asrning 70 yillarida esa, 600 dan ortiq aholi bo`lgan) Hudud nomi bugun “Qubla-Ustyurt” (G`arbiy Ustyurt) deb nomlanarkan. Ammo, aholi uchun boshqa hududlarga borish juda katta muammo. Sahro bag`ridan o`tuvchi tuproq yo`ldan kuz-qish mavsumida yurib bo`lmay qoladi.
Shunga qaramay, Qubla-Ustyurt ahlining yuz-ko`zlarida norozilik aks etmaydi. Ular hukumatimiz tomonidan o`zlari uchun yanada yaxshiroq sharoitlar yaratilishiga ishonadilar.
Bir necha daqiqa shu maskanda to`xtadik. Hamkasblarimiz bu erda hayot kechirishni bir zumgina bo`lsa-da tasavvur qilib ko`rishdi.
Yosh hamkasblarimizdan biri horg`in elka qisadi:
“Bu erda vay-fay yo`qmikin?”...
Orol bag`ridagi mahzun lahzalar
Nihoyat karvonimiz oppoq kengliklar bag`rida mavj urayotgan dengiz sohiliga yaqinlashadi. Mana, o`sha nomi afsonalarga, armonlarga yo`g`rilgan moviy dunyo! Yil sayin, kun sayin uning qadru qimmatini anglab etmagan biz – g`ofil farzandlaridan chekinayotgan Ona dengiz.
Atrofda tushuniksiz sukunat hukmron. Allanechuk jur`atsiz qadamlar bilan dengiz tomon odimlaymiz. Ko`z ilg`amas moviy tekislik aslida biz o`ylaganimizdek katta emas. U endi sahro bag`rida shovullab turgan ulkan, dengiz maqomiga erishgan ulkan hayot manbai emas, bo`yiga 20, eniga 6 kilometrga cho`zilgan, sho`rlanish darajasi bo`yicha O`lik dengizdan qolishmaydigan suv havzasi xolos.
Oyoqlarimiz ostida tuz qumlar orasida sochilib yotgan millionlab mitti chig`anoqlar bir paytlar orol tubida suv ostida faunasi rang-barang bo`lganidan darak beradi. Bir paytlar o`nlab turdagi baliqlar, turfa suv jonzotlari yashagan Orolda bugun bir necha xil planktonlar qolgan xolos.
Orol dengizi bundan million yillar avval manmlakatimizda mavjlanib turgan Tesis okeanining “merosi” bo`lgan. U haqidagi ilk tarixiy ma`lumotlar arab geografi Ibn Rushta asarlarida uchraydi. O`rta asr manbalarida Orol dengizi Qipchoq ko`li nomi bilan ham yuritilgan. Yuz yillar davomida uning sohilida turli qabialar, urug`lar, xalqlar umrguzaronlik qilishgan.
“Kuyib qolguncha isinib qol...”
Tarixiy ma`lumotlarga ko`ra, Orol dengizi asrlar mobaynida bir necha bor qurib, yana qayta tiklangan ekan. Bu galgi jarayon Orolbo`yi xalqlar uchun qimmatga tushgani ayni haqiqat. Buning natijasida ekologik tanglik vujudga keldi. Turli kasalliklar tarqaldi. Ahli genofondi jiddiy zarar ko`rgan. O`nlab sanoat korxonalari to`xtab qoldi. Qanchadan-qancha gavjum shahar va qishloqlar huvillab qoldi.
O`n yillar davomida Orolni qutqarish bo`yicha qilingan xatti-harakatlar, chaqiriq va da`vatlar kutilganidek deyarli samarasiz ketayotir. Orol bir kuni yana ortga qaytadimi, tuz va qum bosgan sahrolar suvga to`ladimi-yo`qmi, bu faqat Yaratganning o`zigagina ma`lum.
Mutaxassislar fikricha, keyingi paytlarda yog`ingarchilik miqdoriga qarab, Orolning sathi ko`tarilib-pasayib turibdi. Orolning bugungi Qozog`iston hududidagi qismi – Ko`korol ko`lining hajmi Sirdaryodan quyilayotgan suv ko`paygani hisobiga sezilarli darajada ortib boryotir.
Biroq, O`zbekiston hududidagi ikki parcha ko`lga Amudaryo suvlari etib bormayapti. Termiz sohillarida o`zaniga sig`may oqayotgan Jayhun suvlarining katta qismi sahro bag`riga singib bormoqda. Biroq, mavjud vaziyatdan ham to`g`ri foydalanish mumkin. Bugun Orolning qurigan tubida turli ekinlar etishtirish, saksovulzorlarni ko`paytirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilyapti. Ushbu hududda etishtirilayotgan o`simliklardan yaxshigina daromad qilish mumkin. Qolaversa, Ustyurt sahrosi va Orol dengizi tubida juda ko`p foydali qazilmalar, neft va gaz zahiralari aniqlangan.
Bugun Orolda yashayotgan yagona jonzot – Artemiya urug`lari kosmetologiya vaa baliqchilik uchun juda qimmatli xomashyo sanaladi. Aytishlaricha, artemiya urug`ining bir kilogrami oldindan qimmat turarkan.
Mo`ynoq tumani hokimi Sayleubay Daniyarovning aytishicha, hozirgi kunda tumanda ushbu xomashyoni qayta ishlab xorijga eksport qilish bilan shug`ullanuvchi 17 ta korxona faoliyat ko`rsatmoqda. Balki, kelgusida o`zimizda ham kosmetik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar ko`payar. Faqat ungacha, Orolning qolgan qismi ham qurib qolmasa...
Ochiq osmon ostidagi tun
Bugun og`ir qismatga duchor bo`lgan Orol va uning atrofidagi vaziyat bilan tanishish uchun dunyoning turli burchaklardan sayyohlar kelishadi. Ular Orolbo`yi haqlqlari tarixi, madaniyati, turmush tarzi bilan ham yaqindan tanishishadi. Ular uchun zarur sharoitlarni yaratish maqsadida dengiz yaqinida dam olish maskanlari tashkil etilgan, milliy uslubdagi o`tovlar tikilgan.
Albatta zamonaviy tamaddundan yuzlab chaqirim olisda, bir hovuchgina bo`li qolgan Orol yonida, sahro biqinida bunday sharoitlarni yaratishning o`zi bo`lmaydi.
Bizni ham ushbu maskan vakillari ochiq chehra bilan kutib olishdi. Orol sohilida oqshom cho`kayotir. Ustyurtning o`ynoqi shamollari notanish mehmonlarni chimdib o`tmoqchi bo`ladi. Atrofga qiziqish va hayrat ila boqaman.
Bir paytlar suv ostida bo`lgan hudud endilikdan past-baland tepaliklarga aylangan. Bahor epkinlari turfa yovvoyi giyohlar iforini dimog`imizga uradi. Kechki ovqatdan so`ng gulxan atrofidagi gurung har birimizning ruhiyatimizda ajib engillik uyg`otadi. Orolbo`yi taassurotlari, hamrohlarning jo`shqin gurungiga gitalarning sirli ohanglari jo`r bo`ladi. O`rtada uyilgan saksovul shoxlari otash bag`rida mungli chirsillaydi.
Har sohadan xabardor, donishmand hamrohimiz Oktyabr og`a Orolbo`yi xalqlari hayotidan turfa afsonalarni so`ylaydi. O`zining bolalik xotiralarini armon bilan eslaydi:
– Men Mo`ynoqda, shu sho`rlik Orol bag`rida tug`ilib o`sganman. Uning guvillagan, uvvos solgan navqiron damlarini eslayman. Bugun esa, hammamizning ko`z o`ngimizda u tobora chekinib borayotir. Hozir Nukusda yashayman. Men har gal dengiz bo`yiga kelganimda, u bilan soatlab gaplashaman, sirlashaman, dardlashaman. Uning sohillaridan ketgim kelmaydi. Bordi-yu, qaytmoqchi bo`lsam, uning to`lqinlari “ketma” deya yolvorib oyoqlariga bosh uradi. Yig`laydi. Men ham yig`lab-yig`lab u bilan xayrlashaman...
...Soatlab davom etgan gurunglar tugab, hamma o`zi uchun ajratilgan o`tovlar tomon yo`l oladi.
...O`tov! Orolbo`yi xalqlarining asriy qo`nalg`asi. Orzu-armonlar, afsonayu haqiqatlar, quvonch va tashvishlarning mo``jaz makoni... Sahro shamoli o`tovning namat devorlariga guvillab uriladi. O`tovning yog`och qovirg`alari og`rinib qisirlaydi...
Bedor o`ylar chekinib, ko`zimni uyqu bosganini sezmay qolaman. Tushimda... son-sanoqsiz kemalar suzib yurgan, sarhadsiz, tizginsiz, armonsiz Dengizni ko`raman...
Mana, safarimiz qarib, butun karvon ahli birga ortga qaytayapmiz. Safar juda qiziqarli, taassurotlarga, sarguzashtlarga boy, quvonchli va... g`amgin kechdi. Ortga boqib, moviy kengliklarga armon bilan ko`z solaman. Yuraklar pichirlaydi:
“Biz seni asray olmadik! Biz seni qadringga etolmadik. Biz seni turli byurokratlardan, kursi va amal qullari, el-yurt g`animlari changalidan qo`riy olmadik. Sen bizdan tobora ortga chekinmoqdasan! Lekin biz sendan umid uzmaymiz. Seni yo`qotishni istamaymiz! Bizni kechir! Bizni tashlab ketma...
Orol!...”
Rustam Jabborov,
Toshkent-Nukus-Qo`ng`irot-Mo`ynoq-Toshkent
Foto: Asqar Yokubov