Qoraqalpog`istonlik sayyoh Beruniydan Samarqandgacha piyoda kelgani va keyin Jizzaxga yo`l olishi, sayohatni esa poytaxtda yakunlashi haqida avvalroq xabar bergan edik.
“Bizdan ozod va obod Vatan qolsin!”, “Elim deb, yurtim deb, yonib yashash kerak” degan buyuk g`oyalarni ilgari surib, kelajak avlod uchun ibrat maktabini yaratgan Birinchi Prezidentimizning sharafiga piyoda marafon tashkillashtirgan Ravshan Yaxshimuradov Islom Karimovning qabrini ziyorat qilib, ta`lim olgan maktabini, uyini ko`rib, Samarqand shahri aholisi bilan suhbatlashgan, to`ylarda ishtirok etgan.
Toshkentga piyoda kelgan marafonchi Ravshan Yaxshimuradov Birinchi Prezidentimizning turmush o`rtog`i Tatyana Karimova bilan uchrashdi, deb xabar berdi O`zA.
“Deyarli o`n to`rt kunlik yo`l bosib, yo`lda ko`p narsalarni ko`rdim, o`zim kutgandan ham ko`proq ma`lumot, eng muhimi, Birinchi Prezidentimiz to`g`risida kitob bo`ladigan ma`lumotlar to`pladim, odamlarning yashash sharoitlari bilan tanishdim. Toshkent shahrida Tatyana Karimova bilan uchrashdim”, - deydi R.Yaxshimuradov.
Marafonchi ajoyib taassurotlar bilan Beruniyga qaytib keldi. Endi u taassurotlarini kitob qilib yozishni niyat qilmoqda.






