“Obod qishloq” dasturi asosida qayta qurilayotgan Jizzax viloyati Mirzacho`l tumanidagi G`alaba mahallasida “Mirzacho`l tikuvchilik majmuasi” korxonasi foydalanishga topshirildi.
Ushbu zamonaviy korxonaga mahallada yangi qurilayotgan uylarga ko`chib o`tayotgan oilalardagi xotin-qizlar ishga joylashtirildi.
Mahalla hududida joylashgan sobiq paxta tozalash korxonasining bo`sh turgan binosi rekonstruksiya qilinib, tikuvchilik sexlari barpo etishda loyihaning tashabbuskori “O`zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati 450 million so`mlik qurilish materiallari va boshqa jihozlar ajratdi. Loyiha hamkorlari “O`zto`qimachiliksanoat” uyushmasi 49 va “Mahalla” xayriya jamoat fondi 200 tikuv dastgohi bilan ta`minladi.
Ushbu korxonani ishga tushirishdan maqsad mahallada yangi qurilayotgan uylarga ko`chib chiqayotgan oilalardagi xotin-qizlarni ish bilan ta`minlash, ularning ipoteka kreditlarini oyma-oy to`lab borishiga imkoniyat yaratishdir. Shu maqsadda Respublika Xotin-qizlar qo`mitasi, “Tadbirkor ayol” uyushmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi kasb-hunar ta`limi markazi hamkorligida ikki oylik tikuvchilik kurslari tashkil etildi. O`quv kurslarida mahalladagi uy bekalari va kasb-hunar kollejlarining bitiruvchi qizlaridan 200 nafari tajribali ishlab chiqarish ustalari tomonidan tikuvchilik kasbiga qayta tayyorlandi.
– “Obod qishloq” dasturi oilamizni ham obod qildi, – deydi Gulzora Daminova. – Hovlisi umumiy bo`lgan uyda yashashning qiyinligi to`y-ma`rakada, ayniqsa, bilinadi. Bu yil qizimni uzatishga tayyorlanayapmiz. To`yni yangi uyda o`tkazadigan bo`lganimizdan behad xursandmiz. Buning ustiga mahallamizda yangi qurilgan tikuvchilik korxonasiga ishga qabul qilindim. Qizim yosh quruvchilar brigadasida ishlamoqda. Ham uyli, ham ishli bo`ldik. Buning uchun davlatimizdan minnatdormiz.
Korxonada ish qizg`in. Jamoa “O`zpaxtasanoat” tizimidagi korxonalarning umumiy qiymati 1 milliard so`mlikka yaqin paxta terish etaklari tikib berish bo`yicha buyurtmasini bajarishga kirishdi. Bundan tashqari, maxsus ish kiyimlari tikish bo`yicha “O`ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati bilan 366 million so`mlik, ”Jizzaxneftmahsulotlari” hududiy korxonalari bilan 70 million so`mlik shartnoma tuzildi.
O`z.A.






