Erini bolg`a bilan urib, keyin o`zining joniga qasd qilgan ayol fojiasi. Voqea aslida qanday bo`lgan?

Jinoyat 07.08.2018, 13:37
Erini bolg`a bilan urib, keyin o`zining joniga qasd qilgan ayol fojiasi. Voqea aslida qanday bo`lgan?

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi ma`lumotlariga ko`ra, Nurota tumani Yangi hayot mahallasida yashovchi Muhayyo Qorieva turmush o`rtog`i Raufjon Hoshimovni (ism-familiyalar o`zgartirilgan) qasddan o`ldirish maqsadida yarim tunda qo`lida bolg`a bilan u yotgan xonaga kiradi. Ayol eriga tashlanib, uning bosh, bo`yin va ko`krak qafasi sohalariga tan jarohati etkazadi, deb yozmoqda O`zA.

Qo`shni xonada uxlab yotgan qaynotasi B.Hoshimov shovqin-surondan uyg`onib ketadi. Rejalashtirilgan qotillikni “yakuniga“ etkaza olmagan kelin voqea joyidan qochib ketadi. Ayol qilgan ishidan qo`rquv va vahimaga tushib, shu mahallada yashovchi opasi Malohat Qorievaning molxonasiga kirib, o`zini o`zi osib o`ldiradi.

Vaziyat shu darajada ayanchli yakun topishiga, 4 nafar farzand voyaga etayotgan oilaning parokanda bo`lishiga jamoatchilik, mahalla-ko`y e`tiborsiz qaragani taajjublanarli.

Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, kelinning xiyonati tufayli oilada bir yildan ko`proq vaqtdan buyon notinchlik bo`lgan. Uyat va or-nomusga chidolmagan oila boshlig`i tabiiyki, turmush o`rtog`i M.Qorievani ko`chaga haydagan. 4 nafar gulday farzand ota-onasi tirik bo`la turib, bobo va buvisi qaramog`ida qolgan.

Nahotki, vaziyat shu darajaga etib kelgunicha na qarindosh-urug`, na profilaktika inspektori va na mahalla-ko`y hech qaerda ishlamaydigan M.Qorievaning uyga qachon kelib, qachon ketayotgani, kimlar bilan gaplashayotganidan bexabar bo`lgan? Yo`q, bu oilada bo`layotgan gap-so`zlar haqida ko`pchilik eshitgan, bilgan. Faqat g`isht qolipdan ko`chgachgina tuman xotin-qizlar qo`mitasi, mahalla faollari, ichki ishlar idoralari vakillari tomonidan er-xotinni yarashtirish bo`yicha to`rt marotaba muhokama va tushuntirish ishlari olib borilgan. Afsuski, barcha urinishlar besamar ketgan...

Tuman xotin-qizlar qo`mitasidan ma`lum qilishlaricha, ko`chada qolgan M.Qorieva fuqarolik ishlari bo`yicha Navbahor tumanlararo sudiga murojaat qilib, o`zi ro`yxatda turgan uyga kiritib qo`yishni so`ragan. Tabiiyki, adolatli sud ishni uning foydasiga hal qilgan. Sud qarori ijro qilinib, u xonadonga yana qaytadi. Shundan keyin xonadonda turli urush-janjal ko`paysa ko`paydiki, kamaymadi. Oxir-oqibat bugun ko`pchilik bilgan o`sha mudhish voqea sodir bo`ldi. Kelin o`z joniga qasd qildi, o`g`il shifoxonada yarimjon holatda yotibdi. 4 nafar begunoh bola esa, keksayib qolgan bobo va buvining qaramog`ida...

– Mahalla idorasi, qo`ni-qo`shni, qavm-qarindosh va jamoatchilikning e`tiborsizligi va loqaydligi tufayli shunday ayanchli voqea sodir bo`ldi, – deydi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Navoiy viloyati kengashi raisining birinchi o`rinbosari Normurod Ishoqov. – Agar Prezidentimiz ta`kidlaganidek, har bir oilaning turmush sharoiti bilan mahalla faollari yaqindan tanishganida, uydagilar bilan yuzma-yuz suhbatlashganida yuqoridagi kabi holatlar sodir bo`lmas edi. Shu masalada tumandagi huquq-tartibot idoralari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig`inida yig`ilish o`tkazildi. Unda qatnashgan odamlarning yuz-ko`ziga qarab, bir narsaga amin bo`ldim.

Aholi orasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlarini to`laqonli olib borolmaganimiz tufayli shunday ahvol yuzaga kelgan. O`z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan mahalla raisi, fuqarolar yig`inining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo`yicha mutaxassisi, jamoatchilik tuzilmasi rahbari – posbon egallab turgan vazifasidan ozod qilindi. Mahalla profilaktika inspektoriga esa tuman prokuraturasi tomonidan xizmat tekshiruvi belgilandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1