Termizda o`qishga kiritib qo`yadigan “hojatbarorlar” qo`lga tushdi

Jinoyat 09.08.2018, 15:19
Termizda o`qishga kiritib qo`yadigan “hojatbarorlar” qo`lga tushdi

Termiz shahridagi "Bog`ishamol" mahallasida yashovchi o`ttiz yoshdagi Jo`lli O`tmasov (ism-shariflar o`zgartirilgan) 19 yoshdagi Vali Sorievni Termiz davlat universitetining jismoniy madaniyat fakultetiga o`qishga kiritib qo`ymoqchi bo`ladi. Yaqin tanishlari orqali ijodiy imtihonlardan yaxshi baholar olib berishni va`da qiladi.

Ta`lim muassasasining ijodiy imtihonlarini o`ta shaffof, oshkora o`tkazishga alohida e`tibor qaratilayotganini eslatib, bu xizmati uchun 4 ming dollar so`raydi. “Hojatbaror” Jo`lliboy V.Sorievdan 2 ming dollarni sanab olayotgan paytda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi.

O`zA xabariga ko`ra, ayni paytda unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168- va 211-moddalarining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

– Mamlakatimizda bu yilgi test sinovlarining ochiq, adolatli tashkil etilishi yuzasidan keng ko`lamli targ`ibot ishlari olib borilgan bo`lsa-da, ayrim shaxslar o`qish istagida bo`lgan soddadil abiturientlarni o`z “qarmog`iga” ilintirmoqchi bo`layotgani achinarlidir, – deydi Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboev. – Bu jarayonni qat`iy nazorat qilayotgan huquq-tartibot idoralari xodimlari va`dani “quyuq” qilayotgan bunday shaxslarni o`z vaqtida aniqlab, zarur choralar ko`rmoqda. Bundan biroz avvalroq Jarqo`rg`on tumanidagi "Dehqonobod" mahallasida yashovchi 34 yoshdagi Tolib Jo`raev ham qo`lga olingan edi. U Jarqo`rg`on tumanidagi "Hayitobod" mahallasidan Oyniso To`lamurodovani Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialiga 3 ming 500 dollar evaziga o`qishga kiritib qo`yishga “so`z” bergan. Mazkur holat yuzasidan ham tegishli tartibda jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1