Yoshlar kitobxonligini oshirish masalasida tanlangan to`g`ri yo`lning ilk natijalarini joriy yilda ikkinchi marta o`tkazilayotgan “Yosh kitobxon” respublika ko`rik-tanlovi misolida ham ko`rish mumkin.
Xabaringiz bor, 12-14 iyul kunlari Respublikaning barcha tuman (shahar)larida O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi va qator tashkilotlar hamkorligida tanlovning saralash bosqichlari test sinovlari shaklida o`tkazilgan edi.
Shov-shuvlarga sabab bo`lgan ushbu tanlovda tashkilotchilar tomonidan bu yil ko`p sonli yoshlarning takliflari asosida 10-14 yosh toifasi ham qo`shildi. Bu esa kitob o`qishga qiziquvchilar sonini yanada oshirdi.
Buyuk adib va mutafakkirlarimizning nodir merosi, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o`rganish va targ`ib etish, kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish, eng muhimi, yoshlarning dunyoqarashini shakllantirishni ko`zlagan tanlov borgan sari ommalashib, yangi davr kitobxonlarini shakllantirmoqda.
Buni tanlovda ishtirok etish uchun murojaat qilgan 720 ming nafarga yaqin yoshlarning tashabbusida ham sezish mumkin.
Tanlovning test shaklida o`tgan saralash bosqichlarida 3 ta yosh toifasi bo`yicha jami 5055 nafar ishtirokchi 86 va undan yuqori ball to`plab, ikkinchi, ya`ni tuman (shahar) bosqichiga yo`llanmani qo`lga kiritgan edi.
Endilikda aksar kitobxonlarimizni, loyiha kuzatuvchilarini tanlovning3-bosqichi qanday o`tkazilishi qiziqtirmoqda?
Demak, joriy yilning oktyabr va noyabr oylari Respublikaning barcha tuman shaharlarida “Yosh kitobxon” tanlovining hududiy bosqichlari o`tkaziladi. 3 yosh toifasi bo`yicha jami 534 nafar yosh tanlovning hududiy bosqichlarida o`z bilimlaridan sinovdan o`tkazadi.
— Har bir yosh toifasi bo`yicha yuqori ball to`plab, g`oliblikni qo`lga kiritgan bir nafardan ishtirokchi tanlovning Respublika bosqichiga yo`llanmani qo`lga kiritadi. Tanlovga tajribali soha mutaxassislari hakamlik qiladi, — deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o`rinbosari D.Kattaxanova. — Tanlovning shaffof, belgilangan me`zonlar asosida o`tishi uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan.
Eslatib o`tamiz, tanlovning Toshkent shahar va Toshkent viloyati bosqichlarii 26-30 oktyabr kunlari Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyi”da, Xorazm viloyati bosqichi 29-31 oktyabr kunlari Urganch shahri “Yoshlar markazi”da, Andijon viloyati bosqichi 2-4 noyabr kunlari Andijon shahridagi “Yoshlar markazi”da, Farg`ona viloyati bosqichi 5-7 noyabr kunlari Marg`ilon shahri Erkin Vohidov nomidagi yosh ijodkorlar maktabida, Namangan viloyati bosqichi 8-10 noyabr kunlari To`raqo`rg`on tumani Ishoqxon Ibrat majmuasida, Qashqadaryo viloyati bosqichi 12-14 noyabr kunlari viloyat teleradiokompaniyasida, Surxondaryo viloyati bosqichi 16-18 noyabr kunlari viloyat teleradiokompaniyasida, Qoraqalpog`iston Respublikasi bosqichi 16-18 noyabr kunlari Qoraqalpog`iston teleradiokompaniyasida, Navoiy viloyati bosqichi 19-21 noyabr kunlari Navoiy viloyat teleradiokompaniyasi, Buxoro viloyati bosqichi 22-24 noyabr kunlari Buxoro shahri “Kitob olami”da,Sirdaryo viloyatida 12-14 noyabr kunlari Guliston shahridagi Ma`naviyat va ma`rifat markazida, Samarqand viloyati bosqichi 22-24 noyabr kunlari Samarqand shahri “Yoshlar markazi”da, Jizzax viloyatida25-27 noyabr Jizzax shahri Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi maktab internatida bo`lib o`tadi.
Eslatib o`tamiz, uchinchi bosqich — “Buyuk mutafakkir va adib” va “Badiiy asarlar bilimdoni” shartlari asosida o`tkaziladi.
G`oliblarni har uchala toifasi bo`yicha 3 ta Prezident sovg`asi kutmoqda!
Gulchehra Ashurova